Yosh tibbiyot xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ma’lumotlar berildi
Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Yoshlar va rahbar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov, Sog‘liqni saqlash vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari Jaloliddin Asamutdinov, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar qatnashdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda yosh avlod vakillari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunga javoban farzandlarimiz, xususan, tibbiyot tizimi yosh kadrlari o‘z iste’dodini namoyish etyapti. Natijada sohada yangi tashxislash va davolash usullari, murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘zlashtirilmoqda. Bularning barchasida yosh tibbiyot xodimlarining salmoqli o‘rni bor.
Uchrashuv davomida sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaviy omillarga qarshi olib borilayotgan kurash natijalari yuzasidan ham ma’lumot berildi. Masalan, joriy yilning o‘zida mamlakat bo‘yicha 450 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 12,8 mlrd. so‘mlik mablag‘ maqsadsiz sarflanishining oldi olindi va 260 ga yaqin manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etildi.
Shuningdek, talabalar va xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, malaka oshirish markazlari va ularning filiallarida 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab maxsus dastur yo‘lga qo‘yildi. Hozirga qadar ushbu kursda qariyb 2500 nafar talaba hamda 53 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimi o‘qitildi.
Umuman, ochiq muloqot asnosida yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurash ko‘nikmalari yanada mustahkamlandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA