Yosh strateglar o‘zaro tajriba almashdi
Qiziltepa tumanidagi “To‘dako‘l” dam olish maskani hududida joylashgan Xalqaro shaxmat maktabida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJ, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, Moskva davlat universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Vladimir Kvintning yosh strateglar maktablari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamkorligida yosh strateglar V xalqaro anjumani o‘tkazildi.
Unda Moskva davlat universiteti yetakchi professorlari, Rossiya hamda O‘zbekistonning bir qator universitet, litsey va maktablarining yosh strateglari hamda olimlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Atrof-muhit masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, Moskva davlat universiteti professori Vladimir Kvint, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov hamda Moskva davlat universiteti professori Irina Novikovalarning bugun strategik bilimlarga ega yosh avlodni tarbiyalashning ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalari tinglandi.
– Vladimir Kvintning yosh strateglar maktablari o‘z atrofiga ko‘plab iste’dodli yosh strateglarni birlashtirib, ularni tarbiyalash, fikrlash va yetakchilik fazilatlarini shakllantirish, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori Baxtiyor Mardonov. – Bugun o‘tayotgan tadbirdan ham ana shu maqsad ko‘zlangan. Bizning universitetimiz qoshida ham xuddi shunday maktab faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda hamkorlikda o‘tayotgan anjuman ham turli mamlakatlardan kelgan o‘quvchi va pedagoglar uchun o‘zaro fikr-mulohaza, tajriba almashish, strategik loyihalarni muhokama etish va kelgusi rejalarni belgilashda ochiq muloqot maydoniga aylandi.
Anjuman kun tartibi seminar-treninglar bilan davom etib, yakunda barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim qilindi. Shuningdek, bir guruh ishtirokchilarga Vladimir Kvintning yosh strateglar maktablari va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining faxriy yorliqlari hamda tashakkurnomalari topshirildi. “Farhod” madaniyat saroyi xonandalarining konsert dasturi barchaga xushkayfiyat ulashdi.
– Moskva davlat universiteti huzuridagi Iqtisodiyot maktabi, xususan, professor Vladimir Kvint va boshqa olimlar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining “Mintaqaviy va korporativ strategiyalar” kafedrasi mudiri Kristina Chekulayeva. – Kafedramiz negizida tashkil etilgan yosh strateglar maktabida mashg‘ulotlar muntazam olib borilmoqda. Hamkorlikda o‘tgan navbatdagi anjumanimizda yosh strateglarning yashil iqtisodiyot sohasida bugungi kunda ustuvorlik kasb etayotgan ushbu yo‘nalishda amaliy taklif va loyihalar ishlab chiqish borasidagi bilimlarini mustahkamlashga qaratildi.
– Anjumanda g‘oya va tashabbuslarimiz keng muhokama qilindi, – deydi NDKTU akademik litseyi o‘quvchisi Lola Qalandarova. – Har bir uchrashuv va seminarlarda yoshlarning o‘ziga ishonch, strategik fikrlash ko‘nikmalarini oshirishga harakat qilindi. Kelajakda iqtisodiyot sohasida xorijda ta’lim olmoqchiman. Umuman, strategiya nazariyasi hayotning har bir jabhasida zarur, deb hisoblayman. Shuning uchun, litseyimizda tashkil etilgan yosh strateglar maktabi faoliyatida muntazam qatnashib kelyapman.
[gallery-28865]
Anjuman doirasida ishtirokchilar Buxoro ixtisoslashgan “Jayron” pitomnigi va Buxoro shahriga sayohat qildi. Ularga qo‘riqxona faoliyati, yoshlarning ekologiya sohasidagi strategik loyihalari, yurtimizning boy tarixi va ajdodlarimizning bebaho merosi haqida ma’lumotlar berildi.
– Ham sayohat qilyapmiz, ham strategik sohadagi bilimlarimizni oshiryapmiz, – deydi Rossiyaning Kemerovo shahridagi Yosh strateglar maktabi o‘quvchisi Ulyana Gerasimova. – Ertaklardagidek qadimgi shaharga ilk bor kelishim, u menda bir olam taassurot qoldirdi. O‘zbek xalqining buyuk tarixini o‘rganish va uni tengdoshlarimga targ‘ib qilishni maqsad qildim.
To‘dako‘lning so‘lim tabiati, Qizilqum kengliklarida joylashgan tabiat mo‘’jizalari va zamonaviy ob’ekt – Xalqaro shaxmat maktabidagi qulay shart-sharoitlar hamda uch kunlik tadbir dasturi yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Mazkur loyiha ularda strategik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari