Yosh qalamkashlarning ijodi – doimiy e’tiborda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz yoshlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda navqiron avlod ta’lim-tarbiyasida kitobsevarlik, san’at va madaniyatning ahamiyati g‘oyat katta ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida yosh iste’dodlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, kitobxonlikni mamlakatimiz bo‘ylab targ‘ib etish masalasi ustuvor o‘rin egallaydi.
Uyushmada yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan “Xiyobon oqshomlari” loyihasi doirasidagi navbatdagi “Ijodiy bahs” bellashuvida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yosh ijodkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, milliy adabiyot, kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlarning mohiyati va ko‘lami xususida batafsil so‘zladi.
“Ijodiy bahs” davomida yosh qalamkashlarning she’rlaridan namunalar o‘qildi. Ustoz shoirlar, adabiyotshunos olimlar yoshlarning she’rlarini atroflicha tahlil etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodini elga tanishtirish maqsadida bir qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

“Mening birinchi kitobim”, “Xiyobon oqshomlari”, Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari, yosh tarjimonlarning respublika forumi, turli tillarda ijod qilayotgan yoshlar ishtirokidagi “Do‘rmon bahori” adabiy festivali, adabiyot, she’riyat bayramlari, turli ijodiy tanlovlar shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, adabiyotga o‘z so‘zi bilan dadil kirib kelayotgan bir qator yosh adib va shoirlarning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinishi qalamkashlarni yanada ruhlantirmoqda.

Uyushma safiga bir guruh yosh qalamkashlarning qabul qilingani ular uchun unutilmas bayramga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbirda yoshlarga milliy adabiyotimizning eng sara namunalaridan iborat kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. Ularning kelgusidagi faoliyatiga oq yo‘l tilab, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga oid guvohnomalar topshirildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri