Yosh o‘zbek grossmeysteri Javohir Sindorovning shonli g‘alabasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdagi izchil siyosati sport, ilm-fan va san’at sohalarida o‘zbek yoshlarining beqiyos yutuqlariga muhim omil bo‘lmoqda. Buning yorqin misollaridan biri — yosh o‘zbek grossmeysteri Javohir Sindorovning shonli g‘alabasidir.
O‘zbekistonlik 20 yoshli grossmeyster Javohir Sindorovning Nomzodlar turniridagi ulkan g‘alabasi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ayniqsa, uning iste’dodi ko‘z o‘ngimda shakllangani men uchun juda quvonarli. U 2019-yilda Osiyo tarixidagi eng yosh grossmeysterlardan biriga aylangan edi, o‘tgan kuzda esa jahon kubogining eng yosh sohibi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatini va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini bu yutuqlar bilan samimiy tabriklayman, chunki maqsadli va tizimli qo‘llab-quvvatlash tufayligina mamlakatda shaxmatning yuksalishi davom etmoqda. Bugun o‘zbek shaxmatchilari dunyodagi eng kuchlilardan hisoblanadi. Kiprda erishilgan beqiyos g‘alaba esa — yoshlarga bo‘lgan kuchli e’tibor, katta mehnat va qat’iyatning amaliy isboti.

1995-yilda Parijda FIDE prezidenti etib saylanganimdan buyon, biz shaxmatni rivojlantirishda O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Men shaxmat faqatgina qudratli davlatlar yoki boy mamlakatlarga tegishli bo‘lib qolmasligini baralla aytib kelganman.
Shaxmat bu tafakkur, madaniyat va qadriyatlarning mushtarak va universal tilidir. Bir narsaga iqrormanki, shaxmat o‘zbek xalqining donoligi, chuqur fikrlashi va tafakkuri nihoyatda yuksak ekanidan dalolat berib turibdi.
Buyuk Britaniya muzeyi tomonidan nashr etilgan albomda O‘zbekiston janubida topilgan eng qadimiy shaxmat donasi aks ettirilganini ko‘rdim. Bu noyob ashyolar o‘zbek shaxmatining ildizlari juda qadim asrlarga borib taqalishini, shuningdek, O‘zbekistonning jahon shaxmat an’analarini shakllantirishdagi alohida o‘rnini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston shaxmatidagi muhim bosqichlardan biri — 2004-yilda Tripolida o‘zbek grossmeysteri Rustam Qosimjonov FIDE jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritganidir. Bu nainki sport yutug‘i, balki butun mamlakatda shaxmat rivojiga kuchli turtki bo‘lgan tarixiy voqea edi.
Biz har doim O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbarlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bordik. O‘zbekiston rahbariyati shaxmatni samarali rivojlantirib, kelajak uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Shaxmat olamida O‘zbekiston iste’dodli o‘yinchilari bilan bir qatorda, yuqori darajadagi shaxmat tashkilotchilari va xalqaro arbitrlari bilan ham hurmat qozongan. Bularning hammasi milliy muvaffaqiyatning ajralmas qismi hisoblanadi.
Muhim uzluksizlikni kuzatish mumkin: O‘zbekistonda shaxmat vaqti-vaqti bilan emas, balki tizimli ravishda - davlat va milliy institutlar darajasida qo‘llab-quvvatlanadi. Ya’ni, O‘zbekistonda shaxmat rivoji davlat darajasida jiddiy e’tibor markazida. Shu bois, FIDE yirik musobaqalarni o‘tkazish uchun joy tanlaganda, O‘zbekiston doimo ishonchli va kuchli hamkor sifatida qaraladi. Toshkentdagi Gran-pri musobaqalari va Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Shaxmat olimpiadasi buning yaqqol isbotidir.
Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga alohida minnatdorlik bildirishim lozim. Shaxmatni rivojlantirishga ularning qo‘shgan hissasi beqiyos. Davlat dasturlari, “Maktablarda shaxmat” loyihasi va yoshlarga qaratilayotgan e’tibor bugungi muvaffaqiyatlarning asosidir.
Bu siyosat natijasida yangi avlod shaxmatchilari shakllandi. Bugun dunyo o‘zbek terma jamoasini yaxshi taniydi: Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov. Ular Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
2026-yil sentabr oyida O‘zbekiston jahon shaxmat markazlaridan biriga aylanadi. Men bu tadbirda ishtirok etish uchun albatta kelish niyatidaman.
Chunki, FIDE prezidentligi saylovlari men uchun muhim voqea. Mening bu boradagi shiorim har doimgidek — “FIDE First”. Ya’ni, birinchi o‘rinda shaxmat va uning jahon hamjamiyati oldidagi burchi turadi.
Shaxmat hozirgi kunda insonlarni birlashtirishga xizmat qilishi zarur.
Kirsan Ilyumjinov,
Qalmog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti,
FIDEning oltinchi prezidenti.
P.S: Kirsan Ilyumjinov 1962-yil 5-aprelda Qalmog‘istonning (Rossiya Federatsiyasi) Elista shahrida tug‘ilgan.
14 yoshida Qalmog‘iston chempioni, 15 yoshida esa milliy shaxmat terma jamoasi sardori bo‘lgan. 1983-yilda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutiga o‘qishga kirdi va 1989-yilda Yaponiya va Sharqdagi tashqi iqtisodiy aloqalar mutaxassisligi bo‘yicha diplom oldi.
1995-yil 24-noyabrda Kirsan Ilyumjinov Jahon shaxmat federatsiyasi prezidenti etib saylandi. U 1998, 2002, 2006, 2010 va 2014-yillarda mazkur federatsiya prezidentligiga qayta saylandi.
2013-yil may oyida Xalqaro intellektual o‘yinlar assotsiatsiyasi prezidenti etib saylangan.
O‘zA