Yosh mutaxassislar hayotga yo‘llanma olishdi
Guliston tumani Madaniyat markazining faollar zalida Guliston tumani 1-son texnikumini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplom topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Quvonch va hayajonga boy kechgan marosimda bitiruvchilar, ularning ota-onalari, pedagoglar hamda mehmonlar ishtirok etishdi.
Tadbirda Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev so‘zga chiqib, yoshlarni hayotlaridagi muhim bosqich — kasb egasi sifatida mustaqil faoliyatga qadam qo‘yayotgani bilan samimiy tabrikladi. U mamlakat taraqqiyoti malakali kadrlar, bilimli va tashabbuskor yoshlarga tayanishi, shu bois bitiruvchilar o‘z bilim va mahoratini yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida safarbar etishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, ularga oliy ta’limda tahsilni davom ettirish, mehnat faoliyatida yuksak natijalarga erishish hamda ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqishini tiladi.

Marosimning eng hayajonli lahzalarida 2025–2026 o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlagan 313 nafar bitiruvchiga davlat namunasidagi diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Ular tikuvchilik, avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, traktorchi-mashinist, agrobiznes va marketing agentligi, axborot vositalari mashinalari va kompyuter operatorligi, elektromontyorlik, asalarichilik hamda chorvadorlik kabi iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhim bo‘lgan 8 ta mutaxassislik bo‘yicha ta’limni muvaffaqiyatli tamomladi.

Bugungi kunda texnikumda 652 nafar o‘quvchi zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olmoqda. Ta’lim jarayonida nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu borada dual ta’lim tizimi izchil joriy etilmoqda.

— Korxona va tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik hamda dual ta’lim tizimining izchil tatbiq etilishi bitiruvchilarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa ularning mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy talablarga javob beradigan malakali mutaxassis sifatida shakllanishiga muhim zamin yaratmoqda, — deydi texnikum direktori Sohiba Rasulova.


Tadbir yakunida bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirildi. Ular o‘z ustozlari bilan esdalik suratlariga tushib, hayotlarining yana bir muhim sahifasini yorqin xotiralar bilan muhrladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri