Yosh gimnastikachilar saralandi
Poytaxtimizdagi Gimnastika sport majmuasida «Kamolot g‘unchalari» respublika ochiq turnirining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi Gimnastika sport majmuasida «Kamolot g‘unchalari» respublika ochiq turnirining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.Tadbirda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportning barcha turlari qatori gimnastikani izchil rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitni yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Mazkur musobaqa “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari hamda Xalq ta’limi vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston badiiy gimnastika federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Turnirning quyi bosqichlarida 11-15 yoshli o‘ttiz mingga yaqin qiz ishtirok etdi. Musobaqaning mamlakat bosqichida yetmish nafar qiz o‘zaro raqobatlashdi.
Gimnastika insonning fe’l-atvori, fazilatlarini shakllantiradi, irodasini mustahkamlaydi. 2007-yilda gimnastika bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi, 2011-yilda badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabi tashkil etilgach, qizlar orasida bu sportga qiziqish yanada ortdi. 2004-yilda ushbu sport turi bilan uch mingga yaqin qiz shug‘ullangan bo‘lsa, bugunga kelib ular to‘qson mingtani tashkil etmoqda.
Musobaqada o‘z yosh toifasida Dilafruz Soliyeva, Shahzoda Ibrohimova, Sevinch Murtazoyeva, Asal Ahmedova, Feruza Yusupova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Mohinur Rajabova, Nigina Ochilova, Baxshanda To‘xtamurodova, Hulkar Ro‘zimetova, Mubina Vahobova ikkinchi, Malika G‘afforova, Nozima Subhonova, Farida Koniratbayeva, Marjona Abdurasulova, Muhabbat Davlatboyeva uchinchi o‘rinni egalladi.