Yosh chavandozimiz – Gran-pri sohibi
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida ot sporti bo‘yicha jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi I saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sporti klubida ot sporti bo‘yicha jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi I saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalqaro ot sporti federatsiyasi hamda mamlakatimiz ot sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada 50 nafarga yaqin chavandoz bahslashdi.
Musobaqaning shaxsiy birinchilik bahslarida ishtirok etgan chavandozlarimiz yuqori natija ko‘rsatib, muxlisu mutaxassislarni xushnud etdi. Balandligi 130-135 santimetr bo‘lgan to‘siqlardan ot sakratishda G‘ayrat Nazarov “Solist” laqabli otida oltin, “Lasinos Boy” laqabli tulporida bronza medalni qo‘lga kiritdi. “Lou Leveret” laqabli oti bilan ishtirok etgan yana bir sportchimiz Vladimir Shmelyov ikkinchi o‘rinni egalladi.
140 santimetr balandlikdagi to‘siqlarni zabt etishda Abdushukur Sobirjonovga teng keladigan topilmadi. Temur Sodiqov “Aragon” laqabli oti bilan ikkinchi o‘rinni egalladi, G‘ayrat Nazarov “Solist” laqabli otida kuchli uchlikdan joy oldi.
Jahon kubogi saralash bosqichi – Gran-pri bahslari kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Yosh chavandozimiz Abdulaziz Mamatxonov “Forjuliya” laqabli otida 140-160 santimetr balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratish bahslarida 77,42 soniya natija bilan jahon kubogi I saralash bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
– Musobaqada g‘alaba qozonganimdan xursandman, – deydi A.Mamatxonov. – Tajribali chavandozlar bilan bahslashish oson kechmadi. Endi jahon kubogining qolgan saralash bosqichlarida ham yuqori natijalarga erishishga harakat qilaman.
Tajribali chavandozimiz Vladimir Shmelyov ikkinchi, qirg‘izistonlik Rinat Galimov uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa doirasida o‘tkazilgan an’anaviy “Millatlar kubogi” jamoaviy bahslarida A’zam Tolibboyev, Feruz Abdullayev, G‘ayrat Nazarov va Umid Komilovdan iborat terma jamoamiz bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.