Yosh bokschilarimiz Qozog‘istonda
Qozog‘istonning Kustanoy shahrida boks bo‘yicha 2003-2004 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasidagi xalqaro turnirga start berildi.
Mazkur turnirda qatnashish uchun boks bo‘yicha tajribali murabbiylar Hamidjon Jiyenboyev va Jalol Xabizov rahbarligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining 5 nafar bokschisi Qozog‘istonga yetib bordi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiylarining bildirishicha, aynan ushbu turnirda qatnashadigan 2003-2004 yilda tug‘ilgan yoshlar orasida o‘z iqtidorini namoyish qilganlar kelgusi xalqaro musobaqalarda, jumladan, 2024 yilgi yozgi olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan bokschilar bo‘lib kamolga yetadi. Shuning uchun ham hozirdan bu yoshlarning xalqaro musobaqalarga ko‘nikmasini oshirib borish lozim.
Xalqaro turnir janglarini boshqarib boradigan hakamlar ro‘yxatida hamyurtimiz Ma’ruf Urdushev qayd etilgan bo‘lib, mazkur turnir boks referelari uchun ham o‘ziga xos tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Xalqaro turnirda Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va mamlakatimizdan 200 nafardan ziyod yosh bokschi ishtirok etmoqda. Musobaqalar joriy yilning 30 iyuligacha davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev