Yosh askarlar qasamyod qabul qildi
Mudofaa vazirligining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Xayrabod garnizonidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar Vatanga tantanali qasamyod qildi.
Davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy pensionerlar, harbiylar, muddatli harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari, qavm-u qarindoshlari ishtirok etgan marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, xalqimizning tinch, to‘kin hayotini ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Harbiy majburiyatni o‘tash esa har bir o‘g‘lon uchun sharafli burch ekani qayd etildi. Vatanimiz osoyishtaligini, xalqimiz farovonligini ta’minlashdek sharafli vazifani bajarish uchun qasamyod qabul qilgan askarlar va ularning yaqinlarini samimiy tabrikladi.


Tantanali marosimda yosh askarlar O‘zbekiston xalqiga va Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan talablarni vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qildi.
–Bugun oilamiz uchun unutilmas kun bo‘ldi, –deydi muddatli harbiy xizmatga Namangan viloyati Chust tumanidan chaqirilgan Husanboy Rahmonovning onasi Shamixon Usmonova. –O‘g‘lim Vatanga, Prezidentimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdi. Farzandining tantanali qasamyodi ham onaga o‘zgacha faxr ulashar ekan. Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrashga so‘z bergan o‘g‘lim Husanboy bilan faxrlanamiz.


– Barcha safdoshlarim qatori men ham qasamyod qildim, –deydi Toshkent viloyati Zangiota tumanidan chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Husniddin Qobuljonov. –Qasamyodgacha ham hayotimda esda qolgan, sermazmun kunlar ko‘p bo‘ldi. Harbiy hayotga tez ko‘nikdim. Bu yerda biz uchun barcha shart-sharoit bor. Buni davlatimizning ona yurt qo‘riqchilariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor namunasi, deb bilaman. Ana shu e’tiborga munosib bo‘lib, zimmamdagi yigitlik burchimni astoydil bajaraman.


Armiya yigit kishini chiniqtiradi, toblaydi, degan gaplarning juda to‘g‘ri ekaniga amin bo‘layapman. Chunki, xizmat davrida shijoat, fidoyilik, o‘zimga bo‘lgan ishonch tuyg‘ularini his etayapman. Endi har taraflama bilimimni yanada oshiraman. Buning uchun harbiy qismimizda yetarli qulaylik mavjud. Bizdan faqat xizmatni sifatli, vijdonan ado etish, o‘qish va o‘rganish talab etiladi, xolos. Xullas, hayot maktabidan ko‘p narsani o‘rganishni maqsad qilganman.
Tadbirda harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali jangovar chiqishlari namoyish etildi. Qasamyod qabul qilgan yosh askarlarga sovg‘alar topshirildi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri