Yonilg‘i inqirozi aviatsiyani izdan chiqarmoqda: shu oy 13 000 reys bekor qilindi
Jahon aviatsiya bozori jiddiy bosim ostida qolgan. Reaktiv yonilg‘i tanqisligi ortidan aviakompaniyalar may oyiga rejalashtirilgan qariyb 13 000 reysni bekor qildi. Taxminan ikki million o‘rin jadvaldan olib tashlandi. Shu tariqa Yevropa va boshqa hududlarga mo‘ljallangan ta’til rejasi izdan chiqishi ehtimoli ortdi.
"Lufthansa", "Turkish Airlines", "British Airways" va KLM kabi yirik tashuvchilar parvoz sonini qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Ayrim korxonalar yonilg‘i tejash maqsadida kichikroq samolyotlardan foydalanishga o‘tgan.
Mutaxassislar fikricha, inqirozning asosiy sababi Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq. Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli jahon neft ta’minoti xavf ostida, aviatsiya yonilg‘isi qiymati ikki barobar ko‘tarilgan.
Ayni payt aviakompaniyalar talab eng yuqori yo‘nalishlarga chipta narxini oshiryapti. Ayrim reyslar boshqa kunlarga ko‘chirilmoqda. Ekspertlar yozgi mavsumda vaziyat yanada murakkablashishi, sayohatlar kechikishi, qisqa ta’tillar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA