Yo‘lovchilarga qulaylik yaratilmoqda
“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Ilg‘or hudud”, “Xavfsiz va ravon yo‘l”, “Ochiq byudjet” kabi qator davlat dasturlari va loyihalarining hayotga tatbiq etilishi natijasida Jizzax viloyatining shahar va tumanlari, qishloq va mahallalari ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilmoqda. Eng muhimi, fuqarolarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga birin-ketin yechim topilib, ijobiy hal etilayotir.
Jizzax shahri bilan Sharof Rashidov tumanini bog‘lab turuvchi 4R–38 “Jizzax – Uchtepa” avtomobil yo‘lining 21-kilometri ikki yoni, ya’ni Jizzax shahridagi “Dehqon bozori”va “Eski shahar” savdo-buyum kompleksi hududida fuqarolar og‘irini yengil qilish, tirbandliklar va qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qurilish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur hududdagi qurilish loyihasiga ko‘ra, 4R–38 avtomobil yo‘lining ikki tarafi, mavjud yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagining ikki yonida avtobus bekatlari qurilmoqda.
Ushbu loyiha buyurtmachisi Jizzax avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi davlat muassasasi. Shu kunlarda Sharof Rashidov tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining 5 ta maxsus texnikasi hamda 20 nafardan ortiq yo‘lsoz-quruvchilari tomonidan qurilish maydonida beton, asfalt qoplamasini yotqizish va boshqa qurilish-muhandislik ishlari amalga oshirilmoqda.

– Rejaga ko‘ra, joriy yilning 25 yanvariga qadar har ikkala avtobus bekati qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirishni maqsad qilganmiz,– deydi Sharof Rashidov tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi direktori Otabek Toshpo‘latov.– Loyihaga ko‘ra, bu yerda ikkita uzunligi 60 metr, eni olti metrli bekat va 50 metrli piyodalar yo‘lagi quriladi.
Darhaqiqat, “Dehqon bozori”va “Eski shahar” savdo-buyum kompleksi hududidagi ushbu chorraha atrofida avtomobillar va piyodalar harakatidagi tartibsizlik va qoidabuzarliklar, bir necha yillardan beri sodir etilayotgan baxtsiz va yo‘l transport hodisalari ko‘pchilikni tashvishga solib kelayotgan edi. Jizzax shahrida so‘nggi yillarda avtotransport vositalarining yo‘llardagi harakati tirbandligini bartaraf etish, piyodalar va avtomobillar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida yer osti va yer usti piyodalar o‘tish yo‘llari, ko‘priklar va bekatlarning barpo etilayotgani muammolarga yechim sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari