“Yo‘lovchi” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi
“Yo‘lovchi” - O‘zbekistonda piyodalar xavfsizligini ta’minlash va yoshlar o‘rtasida yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan maxsus ijtimoiy targ‘ibot loyihasi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan birgalikda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va aholining yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “Yo‘lovchi” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Loyiha doirasida “Tashkent Perfect University” talaba-yoshlari bilan ochiq muloqot qilindi.
Muloqot davomida talaba-yoshlar o‘rtasida loyihaning umumiy maqsadi, kelajakda qanday natijalarga erishilishi va buning natijasida qancha insonlarning hayoti saqlanib qolinishi mumkinligi to‘g‘risida bir qator tushuntirish ishlari olib borildi.

Qayd etilganidek, “Yo‘lovchi” loyihasi oddiy, ammo muhim ishorani targ‘ib qiladi. Piyoda o‘tish joyida qo‘lini ko‘tarib, yo‘lni kesib o‘tish niyatini haydovchiga bildiradi. Biroq harakatni faqat transport vositalari to‘liq to‘xtaganiga ishonch hosil qilgach boshlash kerak.
Birgina ishora haydovchini ogohlantirishi, birgina e’tibor esa inson hayotini saqlab qolishi mumkin.

Shuningdek, loyiha doirasida ilgari surilayotgan “qo‘l ko‘tarib o‘tish” odatining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Qayd etilganidek, piyodaning yo‘lni kesib o‘tishdan avval qo‘l ko‘tarishi haydovchi e’tiborini o‘ziga qaratib, xavfsiz harakatlanishga xizmat qilishi mumkin.
Tadbir yakunida yoshlar yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, o‘z hayoti va atrofdagilar xavfsizligiga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA