Yolg‘iz keksalarning holidan xabar olindi
Mamlakatimizda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylarida vasiylikka olingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, poytaxtimizdagi Olmazor tumanida joylashgan "Saxovat" uyida «Quyosh» volontyorlik jamoasi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarning holidan xabar olish, ularning kayfiyatini ko‘tarish maqsadida xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi.



Keksalar duosini olish, ularning ko‘nglini shod qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu xayriya tadbiri "Saxovat" uyida yashayotgan 70 nafardan ziyod nuroniylarning qalbiga xursandchilik bag‘ishladi. Tadbir yakunida nuroniylarimiz ezgu amallardan mamnun bo‘lib, elga tinchlik, xalqimizga farovonlik, osuda kunlar bardavom bo‘lishini tilab duo qildilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA