Yo‘l qurilishiga rekord investitsiyalar: 200 kilometr reja va sifat ustuvorligi
Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilishga yo‘naltirilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi ortib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda 200 kilometr avtomobil yo‘lini qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Biroq investitsiya samaradorligini faqat o‘zlashtirilgan mablag‘lar bilan emas, balki aholi uchun yaratilgan qulaylik, yo‘llarning sifati va xavfsizligi bilan ham baholash muhim.
Milliy kontent markazida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari tomonidan tashkil etilgan brifingda sohaga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda sohada jami 15 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ularning 13 tasi xalqaro moliya institutlari ishtirokida, ikkitasi esa davlat-xususiy sheriklik asosida bajarilmoqda. Rejalashtirilgan investitsiya hajmi 2025-yilga nisbatan 1,5 barobar, 2024-yilga nisbatan esa 1,8 barobar ko‘p. Bu yo‘l infratuzilmasini yangilashga e’tibor kuchayganini ko‘rsatadi.
2026-yil yanvar–sentabr oylarida to‘qqizta loyiha doirasida 110 kilometr avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilingan. Bajarilgan ishlar qiymati 214,3 million dollarni tashkil etib, belgilangan reja 101 foizga bajarilgan. Bu yillik 200 kilometrlik rejaning 55 foizi bajarilganini anglatadi. Demak, yil yakuniga qadar yana 90 kilometr yo‘l qurilishi yoki rekonstruksiya qilinishi kerak. Mazkur ko‘rsatkichlar rejaning bajarilishida ijobiy sur’at borligini ko‘rsatsada, yil oxirigacha qolgan ishlarni belgilangan muddatlarda va sifat talablariga muvofiq yakunlash muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Investitsiya loyihalari mamlakatning bir qator hududlarini qamrab olgan. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, OPEK jamg‘armasi hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida yirik avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyatida 4R 105 va 4R 100 avtomobil yo‘llarining jami 111 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpog‘iston Respublikasida A380 avtomobil yo‘lining 25 kilometr qismini yangilash, Qashqadaryo viloyatida M39 avtomobil yo‘lining 60 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, Buxoro viloyatida A380 “G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yo‘lining 78 kilometr qismini rekonstruksiya qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, boshqa loyihalar doirasida ichki yo‘llarni sement-beton qoplamali qilish, Xorazm viloyatidagi D213 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish va mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi yo‘llarni ta’mirlash ishlariga ham e’tibor qaratilgan.
Hisobot davrida bir qator loyihalar bo‘yicha tender savdolari e’lon qilingan, to‘rtta loyiha doirasida esa qurilish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida 50 dan ortiq xorijiy hamkor bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Turkiya, Germaniya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratadi. Endilikda bu imkoniyatlarning amaliy natijasi — uzoq muddat xizmat qiladigan, harakat xavfsizligini ta’minlaydigan va aholi ehtiyojlariga mos yo‘llar barpo etilishida namoyon bo‘lishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, davlat rahbari tomonidan soha vakillariga O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA