Yoga – sog‘lom hayot va uzoq umr san’ati
Toshkent shahrida Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi va qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan 12-Xalqaro yoga kuni keng nishonlandi.
Mahalliy va xorijiy mehmonlar, sport ixlosmandlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirda Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim hamda boshqa rasmiylar so‘zga chiqib, yoga inson salomatligini mustahkamlash, sog‘lom va faol uzoq umr kechirishga xizmat qiluvchi muhim vosita ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yoganing jismoniy va ruhiy barqarorlikni ta’minlash, stressni kamaytirish hamda yosh bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishdagi ahamiyati qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilgi Xalqaro yoga kuni “Yoga – sog‘lom hayot va uzoq umr san’ati” shiori ostida o‘tkazildi. Ushbu mavzu yoganing inson hayoti davomida jismoniy quvvat, ruhiy muvozanat va hissiy barqarorlikni saqlashdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir davomida taniqli hind aktrisasi va Hindiston parlamenti a’zosi Hema Malinining tabrik yo‘llovi videomurojaat shaklida namoyish etildi va ishtirokchilar tomonidan iliq qarshi olindi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yoga federatsiyasi hamkorligida “Yoga for All” (“Barcha uchun yoga”) kitobining o‘zbek tilidagi tarjimasi taqdim etildi. Mazkur nashr yoga bo‘yicha bilim va amaliyotlarni aholi o‘rtasida yanada keng ommalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Xalqaro yoga kuni doirasida Hindistonning qadimiy an’anaviy tibbiyot tizimi hisoblangan Ayurvedaga bag‘ishlangan maxsus burchak ham tashkil etildi. Unda turli tabiiy sog‘lomlashtirish mahsulotlari va nashrlari namoyish qilinib, ishtirokchilarga sog‘lom turmush tarzi hamda tabiiy davolash usullari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA