Yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni qalb qilish tizimi takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni qalb qilish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Yirik korxonalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tashkil etiladi.
Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:
alohida monitoringni talab etuvchi tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar ro‘yxatini tasdiqlash;
yirik qarzdorlar tomonidan jalb qilinayotgan bank krediti yoki tashqi qarz hisobidan moliyalashtirilishi taklif etilayotgan loyiha bo‘yicha taqdimotlarni ko‘rib chiqish;
bank krediti yoki tashqi qarzlarning jalb etilishini ma’qullash yoki rad etish bo‘yicha qarorlar qabul qilish hamda ushbu mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan loyihalar natijadorligini o‘rganish;
yirik qarzdorlarning moliyaviy holatini muntazam monitoring qilish hamda moliyaviy holati yomonlashganda ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Qaror bilan:
Yirik qarzdorlar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tarkibi;
O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab yirik qarzdorlar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish, ulardan foydalanish va ularning miqdorini maqbullashtirishni monitoring qilishning quyidagi mexanizmlari joriy etiladi:
yirik qarzdorlarni ularning moliyaviy holatiga ko‘ra “past xatarli”, “o‘rta xatarli” va “yuqori xatarli” guruhlarga toifalash hamda ushbu toifalardan kelib chiqqan holda, ularga bank krediti va tashqi qarz ajratishning tartibini belgilash;
Muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan bank krediti va tashqi qarzlar bo‘yicha yirik qarzdorlar majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan davriy monitoringni amalga oshirish;
yirik qarzdorlarning yil yakuni bo‘yicha moliya-xo‘jalik faoliyatini xalqaro auditorlik tarmoqlariga va xalqaro uyushmalariga a’zo bo‘lgan auditorlik tashkilotlari tomonidan auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish, mazkur qaror qabul qilingan sanadan oldin tanlab olingan auditorlik tashkilotlari bundan mustasno;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda, yirik qarzdorlarning moliyaviy qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik- iqtisodiy asoslarini va boshqa hujjatlarini vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazishda Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning moliyaviy qarzni jalb etish bo‘yicha ijobiy xulosasi yoki uning xabardor qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan keyin amalga oshirish;
yirik qarzdorlarning bank krediti va tashki qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, tashqi qarz bitimlari va kredit shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarining bajarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlari har chorak yakuni bilan Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning ishchi organiga taqdim etish;
Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning tegishli ishchi organi tomonidan yirik qarzdorlarning amaldagi tashqi qarz bitimlari va kredit shartnomalarining moliyaviy shartlariga (kovenantlariga) rioya etishini monitoring qilish;
yirik qarzdorlarning moliyaviy holati yomonlashib, ular tomonidan jalb etilgan moliyaviy qarzlar bo‘yicha bitimlar shartlari lozim darajada bajarilmaganda, Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning qarzdorlarga nisbatan mazkur qaror bilan belgilangan vakolat doirasida tegishli chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi;
Muvofiqlashtiruvchi komissiya tasdiklagan alohida monitoringni talab etuvchi tizimli ahamiyatga ega yirik qarzdorlar ro‘yxatiga kiritilgan yirik qarzdorlar tomonidan choraklik moliyaviy hisobotlarni taqdim etish talabini o‘rnatish;
mas’uliyati cheklangan jamiyatlar shaklidagi yirik qarzdorlar tomonidan bank kreditlari va tashqi qarzlarni jalb etishga ularning tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatlariga o‘zgartirgan hamda faoliyatini aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkil etgan hollarda ruxsat etish.
O‘zA