Yilning eng yaxshi notariusi aniqlandi
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Bosh qomusimizda kafolatlangan ko‘plab huquqlarimiz notarial harkatlar orqali tasdiqlanadi. Soha xodimlarining bilimli va halol bo‘lishi, ya’ni harakatlarning qonuniy va adolatli bo‘lishi esa huquqlarimiz daxlsizligi kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston notariat tizimida amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlardan ko‘zlangan maqsad ham shu. Sohada xususiylashtirish amalga oshirilishi har bir notariusning zimmasiga alohida mas’uliyat yukladi.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z harakati uchun javob berish bilan birga, mijozlarning ishonchini oqlashga harakat qilmoqda. Chunki fuqarolarda notariusni tanlash imkoniyati bor. Shu ma’noda odamlar ishonchini yo‘qotgan notarius ishsiz qolishi tayin.

O‘zbekiston Notarial palatasi sohadagi ishlarni yanada yaxshilash, notariuslar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish maqsadida “Yilning eng yaxshi notariusi” va “Yilning eng yaxshi notarial palata xodimi” tanlovlarini o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bag‘ishlangan tanlovda Notarial palata tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar va barcha notariuslar ishtirok etdi.
“Yilning eng yaxshi notarial palata xodimi” ko‘rik-tanlovida 14 hududiy boshqarma xodimlari ishtirok etdi. Ular hakamlar hay’ati e’tiboriga o‘zlari tayyorlab kelgan, notariat sohasini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni taqdim etdi. Ishtirokchilarning Konstitutsiya va fuqarolik huquqi bo‘yicha bilimlari ham sinovdan o‘tkazildi.
“Yilning eng yaxshi notariusi” tanlovi shartiga ko‘ra, notariuslar notarial harakatlarga bag‘ishlangan 3-5 daqiqalik videoroliklar taqdim etdi. Ikkinchi shartda ularning Konstitutsiya hamda notariat sohasiga oid bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
- Qonun doirasida faoliyat olib borish bilan birga fuqarolarga namunali xizmat ko‘rsatadigan notariuslarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida ushbu tanlov tashkil etildi, - deydi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov. – Notarial palata tizimidagi fidoyi xodimlar ham tanlovda aniqlandi. Bu tanlov sohada sog‘lom raqobat muhitini qaror toptirishda muhim o‘rin tutadi. Tanlov shaffof va adolatli o‘tkazildi. Haqiqatda yuksak saviyada ish olib boradigan xodimlar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘ylaymanki, boshqa hamkasblarimiz ulardan o‘rnak olib, o‘z faoliyatlarini yana qayta ko‘rib chiqib, faqat yaxshi ish yuritishga harakat qiladi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi Nasiba Jo‘rayeva - “Yilning eng yaxshi notarial palata xodimi”, deb topildi. Ushbu yo‘nalishda Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi Laziz G‘ulomov ikkinchi o‘rin, Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi Alisher Hamroyev uchinchi o‘rinni egalladi.
Navoiy viloyati Navbahor tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Asliddin Fazliddinov “Yilning eng yaxshi notariusi”, deb topildi. Xorazm viloyati Urganch shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Barno Avezova ikkinchi o‘ringa, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Alisher Abdinazarov uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.
N.Abduraimova, O‘zA