Yil yakunida qat’iy so‘rov bo‘ladi: Metallurgiya bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi nazoratga olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Soha mutasaddilari, viloyat hokimlari, kombinatlar, “aql markazlari”, ilmiy muassasalar rahbarlari va oliygoh rektorlari bugun aytilgan har bir topshiriq ijrosini so‘zsiz ta’minlashi shartligi qayd etildi.
Qora metallurgiyada xomashyo bazasini kengaytirish, importga bog‘liqlikni kamaytirish, raqamlashtirish va sun’iy intellektni keng joriy etish, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda xususiy sektor bilan kooperatsiyani kuchaytirish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
Ilmiy muassasalar va oliygohlarning tadqiqotlari amaliyotdagi muammolarga yechim topish, korxonalarni rivojlantirish va texnologik yangilanishni tezlashtirishga qaratilgan bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha venchur fond tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari sohada “texnologik sakrash” qilish zarurligini ta’kidlab, yil yakuni bilan har bir mas’ul rahbardan qat’iy so‘rov va javobgarlik bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
O‘zA