YeXHT vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakillari “Adolat” SDP Markaziy apparati faoliyati bilan tanishdi. Tadbir doirasida partiya rahbariyati bilan uchrashuv va muloqot bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro tashkilotning saylov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Ulvi Axundlu boshchiligidagi delegatsiya a’zolariga partiya tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslar, so‘nggi oylarda amalga oshirilgan ishlar, jamiyatda adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, saylov jarayonlarida ishtirok etish tajribasi, kelgusi reja va maqsadlar xususida ham so‘z yuritildi.

Uchrashuvda gender tengligi, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari ham muhokama etildi.

O‘z navbatida, mehmonlar mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarda umume’tirof etilgan me’yor va qoidalarni joriy etib borish, xalqaro andozalar asosida yondashish, saylov amaliyotida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash masalalari haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
M.Komilova, O‘zA