Yevropada yirik toshqin: qurbonlar bor
Kuchli yomg‘ir va “Boris” nomli to‘fon sabab Markaziy va Sharqiy Yevropada so‘nggi 10 yildagi eng kuchli suv toshqini xavfi yuzaga keldi. Eng ko‘p yog‘ingarchilik Chexiyaga to‘g‘ri keldi – so‘nggi uch kun ichida taxminan uch oylik miqdor.
“Bloomberg” nashri xabariga ko‘ra, toshqin allaqachon yetti kishining hayotiga zomin bo‘lgan, minglab uyni vayron qilgan. Ruminiyada to‘rt kishi halok bo‘ldi, jabrlangan xonadonlar soni kamida 5000 ga yetgan.
Avstriyada 4 oylik me’yorga teng yog‘in ikki kunda yoqqan. Fuqarolarni qutqarish amaliyoti davomida bir o‘t o‘chiruvchi qurbon berildi. Vena atrofi tabiiy ofat hududi sifatida e’lon qilindi. Mahalliy hukumat “misli ko‘rilmagan ekstremal vaziyat” haqida gapirmoqda. Polshada bir necha kishi suv ostida qolgan. Bu ma’lumotni Bosh vazir Donald Tusk tasdiqladi.
Ba’zi hududlarida evakuatsiya e’lon qilingan Chexiyaning CEZ energetika kompaniyasi mamlakat shimolidagi 51 mingga yaqin xo‘jalik elektr ta’minotida uzilishidan jabr ko‘rganiga e’tibor qaratdi. Pragada suv bosishiga qarshi maxsus to‘siqlar o‘rnatildi. 14 sentyabr kuni janubda to‘g‘on yorilib ketdi.

Atrof-muhit vaziri Petr Xladik seshanbagacha yomg‘ir davom etishidan ogohlantirib, aholidan ko‘chishga tayyorlanishni so‘radi.
Polsha janubi-g‘arbidagi Gluxolazi shahri rasmiylari aytishicha, daryo o‘zanidan oshib, ko‘chalarni suv bosgan. 15 sentyabr kuni aholi balandroq joyga ko‘chishga chaqirilgan. Mamlakatning ikkinchi yirik shahri – Krakovda hokimiyat aholiga suvdan himoyalanish uchun qum to‘ldirilgan qoplarni taklif qildi.

Iqlim o‘zgarishi sabab, dunyoning turli mintaqalarida bo‘lgani kabi, Yevropada ham kuchli yog‘ingarchilik ehtimoli kuchaymoqda. Issiq atmosfera namlikni oshiradi. Natijada kuchli yomg‘ir yog‘adi.
Chexiya atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi “Boris” bo‘roni singari hodisa har 50 yilda bir sodir bo‘lishini ta’kidladi. 2021 yil Yevropada yuz bergan kuchli toshqindan so‘ng Jahon ob-havo prognozi tarmog‘i iqlim tez isishi tufayli Yevropada kuchli suv toshishi ehtimoli ortyapti, degan xulosaga keldi.
G.Sattorova,
O‘zA