Yevropada “Defender” harbiy mashg‘uloti boshlandi
Ayrim rus ekspertlari fikricha, Yevropada boshlangan “Defender” harbiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini G‘arb uchun kuchlarini o‘ziga xos sinovdan o‘tkazib olish vositasidir. “RIA Novosti” xabarida shu haqda ma’lumot berilgan.
– Ukrainaga Yevropadan yetkazib berilayotgan aslaha asosan omborlarda saqlanayotgan qurollar, ammo ba’zi holda texnika NATO kuchlari tarkibidan olinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ham yo‘naltirilyapti, – deydi Rossiya neft va gaz davlat universiteti kompleks xavfsizlik fakulteti dekani Sergey Grinyayev. – Tabiiyki, bunday amaliyot alyansning mavjud jangovar salohiyati kuchsizlanishiga olib kelmoqda. Shuning uchun ham NATO rahbariyatining bu yil o‘tkazilayotgan mashg‘ulotdan ko‘zlayotgan asosiy maqsadlaridan biri Birlashgan kuchlar belgilangan muayyan vazifalarni bajarishga qay darajada tayyorligini aniqlab, anglab olish va natija asosida tegishli qaror qabul qilishdir.
Ukrainaga avval-boshda Sharqiy Yevropa mamlakatlari tomonidan yetkazib berilgan sobiq ittifoq davridan qolgan harbiy texnika asta-sekin NATO namunasidagi anchayin zamonaviy aslaha bilan almashtirilyapti. O‘z-o‘zidan ma’lum, o‘quv mashg‘uloti davomida mazkur texnika vositalari bilan ishlash ko‘nikmasi shakllantiriladi.
NATO va boshqa sherik davlatlar ishtirokida kecha – 22 aprelda boshlangan “Defender” xalqaro harbiy o‘quv mashg‘uloti ikki oy, ya’ni 23 iyungacha davom etadi. Pentagondan ma’lum qilishlaricha, ushbu yirik tadbirda 8 ming amerika harbiy xizmatchisi, shuningdek AQSH bilan ittifoqchi 26 davlatning 15 ming askar-zobiti qatnashadi.
Darvoqe, 2022 yil bo‘lib o‘tgan xuddi shunday amaliyotda AQSHdan 3 500 hamda 11 sherik davlatdan 5 200 kishi to‘plangan. Farq yaqqol ko‘rinib turibdi.
G‘.Xonnazarov tayyorladi.
O‘zA