Yevropa prokuraturasi Orban hukumatini tekshirishi mumkin (+video)
Euronews tarqatgan xabarga ko‘ra, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban hukumatining ehtimoliy qonunbuzarliklari Yevropa prokuraturasi tomonidan tekshirilishi mumkin. Biroq, buni faqat Vengriyaning yangi hukumati hal qiladi. Yevropa prokuraturasi bosh prokurori Laura Kodrutsa Kyoveshi ham tasdiqlagan.
Uning aytishicha, turli davlatlar bu masalada turlicha yondashuv tanlashi mumkin. Masalan, Polsha Yevropa prokuraturasiga qo‘shilganda, u 2021-yildan boshlab orqaga qaytib ham ish olib borishi mumkin, deb belgilangan. Shvetsiya esa faqat qo‘shilgandan keyingi jinoyatlar bo‘yicha vakolat berishni tanlagan. Vengriya qaysi yo‘lni tanlashi hozircha noma’lum, sababi bu masalani endi yangi hukumat ko‘rib chiqadi.
Yevropa prokuraturasi yetakchisining ta’kidlashicha, bu masalada Vengriya parlamenti asosiy rol o‘ynaydi, chunki parlament tartibga soluvchi qonun qabul qilishi kerak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa prokuraturasi Vengriyaning qo‘shilishiga tayyor.
Hozirgi kunda Yevropa prokuraturasiga 24 ta davlat qo‘shilgan. Faqat Irlandiya, Daniya va Vengriya hali a’zo emas. Uning vakolati cheklangan bo‘lib, u faqat Yevroittifoq mablag‘lari bilan bog‘liq firibgarlik va moliyaviy manfaatlarga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tekshira oladi.
Vengriyada Viktor Orban hukumati o‘z davrida Yevropa prokuraturasiga qo‘shilishga qarshi chiqqan, chunki bunday qo‘shilish mamlakat suverenitetiga zarar yetkazadi, deb hisoblangan. Biroq Peter Madyar saylovoldi kampaniyasida Yevropa prokuraturasiga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan va saylovdan keyin ham bu pozitsiyasini tasdiqlagan. Shunday ekan, Orban hukumatini tekshirish yangi keladigan hukumat qaroriga bog‘liq.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Pp7L7Uupjfw" title="Evropa prokuraturasi Orban hukumatini tekshirishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA