Yevroosiyoning qoq yuragida yangi arxitektura: Issiqko‘l sammitining siyosiy va strategik ahamiyati
Jahon miqyosida global o‘zgarishlar va shiddatli integratsiya jarayonlari kechayotgan bugungi kunda qudratli yangi makromintaqaning shakllanishi barchamizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y bermoqda.

Zamonaviy dunyoning chaqiriqlari va yangilanish tendensiyalari davlatlararo munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda. Issiqko‘l sohillarida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi ana shu global yangilanishlar davrining eng muhim va ramziy siyosiy voqeasi sifatida tarixga kirmoqda.
Mintaqa davlatlari yaqin vaqt ichida o‘z mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida turibdilar. Shu yillar mobaynida har bir mamlakat davlatchilikni shakllantirish, iqtisodiy o‘sish va milliy tiklanishning o‘ziga xos hamda betakror yo‘lini bosib o‘tdi.
Ilgari ko‘pincha bir-biridan uzilgan, muloqotda cheklanishlar mavjud bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunga kelib birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda. Bugungi murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro voqelik esa davlatlardan yanada qat’iyat bilan harakat qilishni, tashqi zarbalarga qarshi birgalikda tura olishni talab etmoqda.
Uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri – Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishidir. Bu qadam o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda. Endilikda Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shni bo‘lgan Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish uchun tarixiy imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Ushbu ulkan geosiyosiy va iqtisodiy imkoniyatdan to‘liq foydalanib, Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun puxta poydevor yaratish – bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifasidir.
Mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishda O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, sammit va uchrashuvlarning samarali institutlarini yaratish, tarmoq idoralarining yaqin va uzluksiz munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni jadallashtirish hamda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlarida uzoq muddatli qo‘shma dasturlarni hayotga tatbiq etish kabi muhim tamoyillarga tayanish lozim.
Shu bilan birga, mintaqamizning xalqaro sub’ekt sifatidagi maqomini yanada mustahkamlagan holda, davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun zamonaviy dunyo ilm-fan, raqamlashtirish va texnologiyalarsiz taraqqiyotni tasavvur etib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Shu bois savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish va investitsiya platformalarini ishga tushirish ustuvor vazifadir.
O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyoni ta’lim, ilm-fan va katta ma’lumotlar (Big Data) sohasida innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylantirish g‘oyasini ilgari surdi. Bunga erishish uchun kadrlar salohiyati, sun’iy intellekt texnologiyalari, zamonaviy data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani barpo etish lozim.
Boshqa tomondan, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi har doim mintaqaviy kun tartibining markazida bo‘lib kelgan. Joriy yil yozning anomal darajada issiq kelishi, iqlim o‘zgarishi shunchaki abstrakt tushuncha emas, balki iqtisodiyotga, suv va energetika xavfsizligiga, odamlarning salomatligi hamda hayot sifatiga bevosita tahdid solayotgan omil ekanini ko‘rsatdi. Chegara bilmas bunday tabiiy xavf-xatarlarga qarshi faqat va faqat birgalikda moslashish va uzoq muddatli, ilmiy asoslangan yechimlarni topish orqaligina barqarorlikni saqlab qolish mumkin.
Shuningdek, iqtisodiy va siyosiy loyihalar qanchalik muhim bo‘lmasin, davlatlarni chinakam yaqinlashtiradigan kuch, bu – xalqlar o‘rtasidagi asriy gumanitar aloqalardir. Mintaqa xalqlari asrlar davomida yonma-yon yashagan, umumiy madaniy qadriyatlarni asrab-avaylagan, ilm-fan va bilim almashishgan. Bugungi kunda hamkorlikning chuqurlashuvi natijasida jamiyatlarimizda hamjihatlik tuyg‘usi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Har bir xalqning o‘ziga xos milliy o‘zligi to‘liq saqlangan holda, bosqichma-bosqich umummintaqaviy o‘ziga xoslik shakllanib bormoqda. Bu esa kelajak avlodlar uchun mustahkam ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi global o‘zgarishlar davrida mintaqalararo hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taruvchi tarixiy voqea bo‘ldi.
Davlatlar o‘rtasidagi institutsional mexanizmlarni mustahkamlash va asriy gumanitar hamjihatlikni chuqurlashtirish Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik makonini yaratish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA