Yetmish besh nafar ayolga tikuv mashinalari berildi
Dang‘ara tumanida ijtimoiy himoya borasida turli ko‘rinishlarda amaliy ishlar qilinmoqda. Eng avvalo, uyda o‘tirgan ishsiz ayollar kasb-hunarga o‘qitilyapti. Ularning aksariyati pishiriq-qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan va shu bilan oilasiga daromad keltiradigan bo‘ldi. Yana bir guruh xotin-qizlar tikuvchilikni o‘qib- o‘rgandilar.
“Ayollar daftari”da turganlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi. Endi 75 nafar tikuvchi oilasi, qo‘ni-qo‘shnisi, mahalla aholisi buyurtmasi bilan ishlaydi. Bozor tamoyillari, mahsulot targ‘iboti, shartnoma asoslari borasida ham ularga tavsiya, qo‘llanmalar taqdim etildi. Tashkilotchi va tashabbuskorlar masalaga bunday yondashuv samara berishidan umidvorlar.

Muhammadjon Obidov, O‘zA