Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab bo‘lmaydi..
Toshkent viloyatida yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va tegishli tartibda chora ko‘rish borasida tizimli ishlar olib borilyapti. Jumladan, kuchaytirilgan tadbirlar davomida hudud bo‘yicha jami 372,5 gektar yerda qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Shundan 302 gektari qishloq xo‘jaligida, 70,4 gektari esa aholi punkti yerlarida sodir etilgan.
Qonunbuzarliklar tahlil qilinganda asosan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, qurilish qilingan, huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik va yerlardan maqsadsiz foydalanish kabi holatlar ko‘p uchramoqda.

Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Rustam Payziyevning aytishicha, nazorat tadbirlari davomida 5,2 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilmalar ixtiyoriy bartaraf etilgan. Bundan tashqari, 13,36 gektar yer maydoni bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. 387 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan. Shu bilan birga, 16,4 gektar yer maydoni bo‘yicha ma’lumotlar prokuratura organlariga yuborilgan.
Xususan, Yangiyo‘l tumanida qo‘pol yer qonunbuzarlik holati aniqlangan. Unga ko‘ra, fuqaro A.R tomonidan “Tuyabo‘g‘iz” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Abdurahmon Xolposhsha ishonch” fermer xo‘jaligiga qarashli qishloq xo‘jaligi xaritasining 148q-konturida joylashgan 1,10 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangan. Noqonuniy noturar-joy bino inshootlari qurilgan.

Holat yuzasidan Kadastr agentligi Yangiyo‘l tumani bo‘limi tomonidan fuqaroga rasman ogohlantirish berilgan. Biroq, fuqaro buni e’tiborsiz qoldirgan. Ushbu holat yuzasidan Yangiyo‘l tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Noqonuniy turar-joy buzilgan. Yerni dastlabki holatiga qaytarish majburiyatini yuklash haqida sudga da’vo arizasi kiritildi.
Toshkent tumani “Beruniy” MFYda ham shu kabi qonunbuzarlik holati fosh bo‘ldi. Xususan, hududda joylashgan qishloq xo‘jaligi yerlari fuqarolar tomonidan o‘zboshimcha egallanib, beton g‘ovakli g‘ishtlar bilan o‘rab olingan edi. Shu bo‘yicha Kadastr agentligining Toshkent tumani bo‘limi tomonidan to‘plangan ma’lumotlar tegishli tartibda prokuratura organlariga yuborildi. Natijada tuman mutasaddilari bilan hamkorlikda holatni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Umuman olganda joylarda o‘tkazilayotgan yer nazorati tadbirlarida aholidan o‘zlariga tegishli bo‘lmagan yer uchastkalarini o‘zboshimcha egallab olmaslik, har qanday qurilishlarni amalga oshirishdan oldin tegishli tashkilotlardan ruxsatnoma olish zarurligi ta’kidlanmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligidagi sug‘oriladigan yerlarga qurilish qilmaslik va yerlarni qonun doirasida tasarruf etish lozimligi barchaga tushuntirilyapti.
A.Musayev, O‘zA.