Yerni boqsang, yer seni boqadi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Qorako‘l mahallasining istalgan xonadoniga kirib borsangiz, bir qarich yerdan unumli foydalanib daromad olishga harakat qilinganiga guvoh bo‘lasiz. Mahalla mirishkorlari asosan sabzi yetishtirib, nafaqat tuman ichki bozoriga, qolaversa, respublikaning boshqa viloyatlariga ham o‘z mahsulotlarini yetkazib berishda ancha faol.
Bugungi kunda ahlida 104 gektar tomorqa yer maydoni bo‘lib, bundan tashqari yana 9 gektardan ortiq ekin yeri yoshlar ixtiyoriga berilgan. Bu yerlarning barchasida sabzavot mahsulotlari yetishtirib kelinmoqda.

Oybek Boltayev yigirma yildirki tomorqasida sabzi yetishtiradi. Soha sir asrorlarini puxta o‘zlashtirgan usta dehqon yilda ikki marotaba hosil yig‘ib oladi. Kuzgi mavsumda 10 sotix yerdan 6 tonnadan ortiq, bahorgi mavsumda 3 tonnaga yaqin sabzi hosilini olib, yiliga 35-40 million so‘m qo‘shimcha daromadga ega bo‘lmoqda.

– Sabzini parvarishlash jarayonidagi eng muhim masalalardan biri – urug‘ni yerdan tekis undirib olish. Sabzi nihollari tuproq doim nam bo‘lganda o‘n kun oralig‘ida bo‘y ko‘rsatadi. Har bir ekinning o‘z agrotexnika ishlari bo‘lganidek, sabzini yetishtirishda ham parvarish lozim. Ekinni vaqtida begona o‘tlardan holi qilish, qalin unib chiqqan yerlarni siyrak qilish lozim. Shu bilan birga turli zararkunandalarga qarshi kurashishda ham e’tiborli bo‘lish kerak. Aks holda mo‘ljaldagi hosilni olishga erishib bo‘lmaydi, – deydi Oybek Boltayev.
Mirishkorlar mahallasi Qorako‘lda ekin yerini bo‘sh qo‘yishmaydi. Binobarin, “Yerni boqsang, yer seni boqadi”, deganlari shu bo‘lsa kerak.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.