“Yerga urug‘ qadab, kam bo‘lmadim”
Mehnatdan qochmagan, astoydil niyat qilgan, qish qahridan, saraton chillasidan qo‘rqmay, yerga mehrini bergan kishiga baraka va rizqni yaratganning o‘zi beradi. Buni sayxunobodlik Hayotali bobo Ahmedov ham yaxshi biladi.
Ahmedovlar asli Farg‘onadan. Cho‘lni, ya’ni Mirzacho‘lni o‘zlashtirish ishlari boshlangan yillarda ko‘chib kelishgan.
–Shu yerda tug‘ildim, undim- o‘sdim, palak otdim,–deydi salkam sakson yoshni qarshi olayotgan bobo.– Bobom, otam mirishkor dehqon bo‘lgan. Dehqonchilik ilmini ulardan o‘rgangandim. Suyagim esa shu yerlarda qotdi. Yaratganga shukr, qiyinchilikni ham, yaxshi kunlarni ham ko‘rdim. Dala kezdim, yerga umid bilan bug‘doy, chigit qadab, kam bo‘lmadim. Aytishadiku, baraka halollik va mehnatda deb.
Hayotali bobo turmush o‘rtog‘i Saydiniso momo bilan birga to‘qqiz qiz, bir o‘g‘ilni voyaga yetkazdi. Ular o‘z yo‘larini topib ketishi, baxtli bo‘lishi uchun ko‘maklashdi. Natijani qarangki, bugun bobo va momoning 45 nafar nabirasi, 36 nafar chevarasi bor.

Davlatimiz rahbarining Sayxunobod tumani, uning Ittifoq mahallasiga qilgan tashrifi barcha sayxunobodliklar kabi Hayotali bobo va Saydiniso momo hayotida ham o‘chmas iz qoldirdi.
– Prezident bir devor qo‘shnimnikiga tashrif buyurganining o‘zi menga, oila a’zolarim, quni-qo‘shnilarimga unutilmas quvonch baxsh etdi,—deydi bobo.–Davlatimiz rahbariga ko‘rsataman, u kishining maslahatini, tavsiyasini olaman, deb 15 sotixli hovlimizning 9 sotixiga ekilgan qizil olmaning "karlikovыy" navi bir yil bo‘lmay turib, qiyg‘os ochilib, biram meva berdiki, undan nafaqat farzandlarim, nabira va chevara, qo‘ni-qo‘shnilarim bahramand bo‘lishdi.
Bu yil dehqon chog‘roqqina yerga ekilgan sarimsoq, bulg‘or qalampiri, karamdan yaxshi hosil oldi. Uning ma’lum bir qismini o‘zi va farzandlari ehtiyoji uchun ishlatgan bo‘lsa, qolgan qismini bozorga chiqarib, durustgina daromad ham oldi.
Bunday natijaga erishishda suv tejovchi texnologiya, ya’ni tomchilatib sug‘orish tizimining yordami katta bo‘ldi.
–O‘ylab ko‘rsam, an’anaviy usuldan ko‘ra, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimi foydali ekan,– deydi Hayotali bobo biz bilan bo‘lgan suhbatda. – Birinchidan, suvning ortiqcha isrofgarchiligi oldini oladi, ikkinchidan, mineral va qo‘shimcha kimyoviy ozuqalarni belgilangan me’yorda tomchilatib sug‘orish tizimi orqali daraxt va o‘simliklarga yetkazib beradi. Bu esa, kichik bo‘lsa-da, tomorqadan kutilganidan-da ko‘proq hosil olish imkonini berarkan.
Hayotali bobo xonadonida biolaboratoriya xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu faoliyatni yo‘lga qo‘yishda davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qo‘l keldi.Endilikda ushbu biolaboratoriyada qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish maqsadida yetishtirilayotgan oltinko‘z, trixogramma, brakon singari foydali hasharotlar shartnoma asosida tumandagi fermer xo‘jaliklarga yetkazib berilyapti.
Davlatimiz rahbarining Sayxunobod tumaniga qilgan tashrifi sayxunobodliklar, sirdaryoliklar hayotining o‘zgarishiga, Hayotali bobo kabi har bir qarich yerdan unumli foydalanib, o‘z xonadonlari uchun zarur bo‘lgan ekin turlarini ekib, undan yuqori hosil olayotganlarga rag‘bat berayapti. Shu boisdan ham ushbu tuman tajribasi ommalashayapti. Uzoq- yaqin viloyatlardan tashrif buyuruvchilar nafaqat tumanda, bobo xonadonida ham bo‘lishib, dildan suhbatlashib, tajriba almashib, Hayotali bobo, u singari tumandagi mirishkor dehqonlar ishiga qoyil qolib ketishyapti.
G‘ulom Primov, O‘zA