Yerdan foydalanish samarali bo‘lmog‘i darkor
Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Buramatut gulshani” fermer xo‘jaligida navbatdagi amaliy-seminar o‘tkazildi.
Unda respublika O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbari Ibrohim Ergashev, Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvarjon Hakimov, tuman sektor rahbarlari hamda Uchqo‘rg‘on, Uychi, Norin, Chortoq, To‘raqo‘rg‘on, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlaridan masalaga daxldor mas’ullar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga asosan Namangan viloyatida 2025 yilda dala chetlariga 555 gektar maydonga 441,1 ming dona va sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi 26,9 gektar bo‘sh maydonlarga 21,4 ming dona mevali va manzarali ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu ekilgan ko‘chatlardan 2 ming 147 tonna, 7 milliard 769 million so‘mlik daromad olish mumkin.

Hozirga qadar 271, 7 gektar dala chetlariga 233 ming dona, 10,2 gektar sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofiga ko‘chatlar ekilgan. Seminarda ekiladigan mevalar turi, xususiyati, ekologiyaga ijobiy ta’siri, daromadi bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA