Yer yomon deganni o‘zi yomon...
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligida Xovos tumanida qishloq xo‘jaligi, g‘alla hosili uchun olib borilayotgan ishlar, agrotexnik tadbirlarning bajarilish holati tahlil qilindi.
Viloyat ishchi guruhi tomonidan tumanning agrar sektorida kechiktirib bo‘lmas agrotexnik tadbirlarni muddatida, sifatli amalga oshirish borasida kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, tumanda 2023 yil hosili uchun 8 500 gektar maydonga g‘alla ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda esa 7 948 gektar (93.5 foiz) g‘alla ekilgan. bugungi kunda 1 076 gektar maydonda (15.6 foiz) ko‘chat unib chiqmagan. Bor-yo‘g‘i 16 foiz maydonga chilla suvi berilgan. Ekinni bahorgi sharbat usulida sug‘orish uchun mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari ham orqada, 1 396 gektar maydondagi g‘alla g‘o‘zapoyadan tozalanmagan.

Shuningdek, shudgorlash ishlari 45 foizga bajarilgan. bugungi kungacha 308 gektar maydonga jo‘yaklar olinib, shundan 138 gektariga suv ochilgan, xolos. 5 503 gektar maydonda shudgordan keyingi tadbirlar o‘tkazilmagan.
Shu bilan birga, o‘g‘it jamg‘arish, biomahsulotlarni ko‘paytirish, biolaboratoriyalarda ozuqa va isitish mahsulotlari zaxirasini yaratish, texnikalarni mavsumga tayyorlash kabi muhim tadbirlarga ham mas’uliyatsizlik bilan yondashilgan.
– Qishloq xo‘jaligi sohasi iqtisodiyotda muhim, – deydi viloyat rahbari. – Yerga mehr berish kerak, yer bilan "tillashish" kerak. Yerni yomon deb bo‘lmaydi. Yerim yomon deganni o‘zi yomon. Qanchalik og‘ir va qiyin bo‘lmasin qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish uchun samarali loyihalar zarur.

Yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, barcha kuch va vositalarni jalb qilgan holda ishlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA