Yer maydonlari: muammolar va yechim
Vakil devonining Navoiy viloyati xodimlari tomonidan oʻrganilgan murojaatlarning 25 foizi yer, 20 foizi moliya va soliq, 17 foizi esa bank va kredit masalalariga taalluqli ekanligi maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun boʻsh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga asosan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi belgilandi.
Hujjatga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarga “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qoʻyish masalasini belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun joylashtirish boʻyicha takliflar kiritish huquqi berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni ijobiy hal etishga, davlat organlari faoliyatida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlashga va tadbirkorlar faoliyatida tekshirish amalga oshirilayotgan jarayonda ularni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Vakil devonining Navoiy viloyati xodimlari tomonidan oʻrganilgan murojaatlarning 25 foizi yer, 20 foizi moliya va soliq, 17 foizi esa bank va kredit masalalariga taalluqli ekanligi maʼlum boʻldi.
Jumladan, Karmana tuman hokimining 2019-yil 23-oktyabrdagi Q-1613-sonli qaroriga asosan tumandagi “Karmana Asqar” hamda “KARMANA ZAFAR BARAKA” fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydoni amaldagi meʼyoriy hujjatlarga zid ravishda, tadbirkorlarning roziligi yoki sudning qarorisiz olib qoʻyilgan.
Vakil tomonidan har ikkala fermer xoʻjaliklarining manfaatlarini koʻzlab, tuman maʼmuriy sudiga kiritilgan daʼvo arizalari natijasida fermer xoʻjaliklariga tegishli boʻlgan yer maydonlari qaytarib olib berildi.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlari davlat himoyasidadir.
Komil KULIYEV,
Vakil devonining Navoiy viloyatida faoliyat
yurituvchi yetakchi inspektori