Yer maydonlari ehtiyojmand oilalarga ham berilmoqda
Toshkent viloyatida joriy yil g‘alla hosilidan bo‘shagan maydonlarda sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va boshqa ekinlarning tezpishar navlarini qisqa muddatlarda ekish, parvarishlash hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilyapti.
Jumladan, aholiga va ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilishi uchun o‘z yashash hududlariga yaqin bo‘lgan fermer xo‘jaliklaridan takroriy ekinlar ekish uchun har bir fuqaroga o‘rtacha 25 sotixdan yer maydonlari ajratib berilmoqda. Shuningdek, 100-150 kilogrammdan bug‘doy tarqatilmoqda.

Hudud mas’ullari ishtirokida Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan amaliy seminarda ham mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Mas’ullarning aytishicha, 103 ming gektar g‘alladan bo‘shagan maydon ijtimoiy daftarlardagi 12 ming 723 nafar fuqaroga, 2 ming nafardan ziyod ishsiz yoshga ajratib beriladi. Natijada 70 ming nafardan ortiq aholining mavsumiy bandligi ta’minlanishiga erishiladi. Ayniqsa, bunda mahallalardagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand aholi, ishsiz yoshlar hamda dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxatlarini shakllantirish, chetdan qaytgan ishsiz fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Seminarda mazkur sa’y-harakatlarni tizimli tashkil qilishga viloyat va tumanlar sektorlari rahbarlari shaxsan mas’ul hisoblanishi hamda ularga joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni kunlik tahlil qilib, muammoli masalalarni hal etish borasida bir qator topshiriqlar berildi.

– Buning uchun maxsus shtab faoliyati tashkil etildi, – deydi Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Botir Alimbekov. – Asosiy yo‘nalishlardan biri tumanlarda yer maydonlarini shakllantirilgan ro‘yxat asosida ishsiz aholi va yoshlarga ajratib berish orqali ularning bandligi hamda daromadi ta’minlanadi. Shu bilan birga, yerlarni ekishga tayyorlash, moddiy resurslar bilan ta’minlash hamda takroriy ekinlarni qisqa muddatlarda ekish va parvarishlash ishlari olib boriladi. Hududlarda takroriy ekin uchun zarur bo‘lgan urug‘liklar, kasallik va zararkunandalarga qarshi ishlov beruvchi kimyoviy vositalar sotib olish uchun bank kreditlari ajratiladi.
Yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini nes-nobud qilmasdan tizimli ravishda yig‘ib olish, saqlash, qayta ishlash, eksportga yo‘naltirish va kuz-qish mavsumiga zaxira qilish ishlari amalga oshiriladi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javob oldi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri