Yengil atletika: Anvar Anvarov Vengriya turnirida sovrindor bo‘ldi
Vengriya poytaxti Budapesht shahrida "World Athletics Continental Tour Gold" turkumiga kiruvchi, yengil atletika afsonasi Istvan Gyulay xotirasiga bag‘ishlangan Vengriya Gran-prisida mahoratli sportchimiz muvaffaqiyatga erishdi.
“Brilliant liga” musobaqalaridan keyingi o‘rinda turadigan mazkur nufuzli musobaqada dunyoning eng kuchli atletlari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari, jahon rekordchilari bilan kechgan murosasiz bahslarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Anvar Anvarov Vengriya musobaqasida yuqori natija qayd etib, sovrindorlar safidan joy oldi.

Erkaklar o‘rtasidagi uzunlikka sakrash bahslarida hamyurtimiz 8,12 metr natija qayd etdi. U dastlabki uch urinish yakuniga ko‘ra, musobaqada peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Keyingi urinishlarda raqiblarining natijalari evaziga musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Musobaqada Gretsiya vakili Miltiadis Tentoglu 8,31 metr natija bilan g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Anvarov singari 8,12 metr ko‘rsatkichga erishgan germaniyalik Zimon Bats bronza medalga ega chiqdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA