“Yashil makon”: mahalla bog‘i tashkil etildi
Azaldan xalqimiz mevali va manzarali bog‘ yaratishni oliy ish sifatida qadrlab keladi. Bugungi kunda esa, niholni mehr bilan parvarishlash, atrofni ko‘kalamzor qilish odati o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. “Yashil makon” umummilliy loyihasi esa, butun yurt bo‘ylab ezgu tashabbusga aylandi.
Ayni kunlarda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida ham ko‘chat ekish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Mahallalarning qiyofasini o‘zgartirish, ekologik muhitni yaxshilash va yashil hududlar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Tumanning Chandirobod mahallasida 22 gektarlik maydon to‘liq tozalandi, tayyorlandi va “Mahalla bog‘i” tashkil etish uchun ko‘chat ekish boshlanib, katta hajmdagi amaliy ishlar amalga oshirildi.

Oldin tashlandiq, qarovsiz bo‘lib yotgan mazkur maydon avval begona o‘tlardan tozalandi, yer chuqur shudgor qilindi, kerakli mineral o‘g‘itlar bilan boyitildi. Yillar davomida foydalanilmagan bo‘sh yer bugun haqiqiy bog‘ yaratish uchun tayyor holga keltirildi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Jalol Arashov, tuman hokimi Xurshid Toxirov, tuman IIB boshlig‘i Shahob Hayitov, mahalla faollari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Ko‘chat ekib bog‘ yaratish, tabiatni asrab-avaylash xalqimizning ming yillardan beri davom etib kelayotgan qadriyatidir. Ajdodlarimiz yangi tug‘ilgan farzandga atab, uning ismi bilan daraxt qadab qo‘ygan. Farzand ham, daraxt ham birga kamol topgan. Biz ham shu an’anani davom ettirib, bugungi avlodga yashil, sog‘lom va obod muhit qoldirishimiz kerak, – deydi tuman hokimi Xurshid Toxirov.


Joriy yilda Qorako‘l tumanida 1 million 228 ming dona mevali va manzarali ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda ushbu reja 70 foizdan oshdi. Bugun “Mahalla bog‘i” barpo etilishi hududning yanada ko‘rkam bo‘lishi, yashil hududlar sonining ortishi va ekologik barqarorlikning mustahkamlanishiga ham sezilarli hissa qo‘shadi.

– Bugun yoshlarga bog‘ yaratish sirlarini o‘rgatib, ko‘chat ekishda birga qatnashayotganimiz juda quvonchli. Kun kelib shu ekilayotgan nihollar soyasida qishloqdoshlarimiz dam olib, bizni duo qilishadi, – deydi mehnat faxriysi Mehmonqul Avezov.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.