“Yashil makon”: har bir fuqaroning hissasi muhim
O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirish borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda dendrologiya bog‘larini tashkil etish g‘oyasi ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Albatta, bular natijasida shaharlarda “yashil kamar”lar paydo bo‘ladi, cho‘llanish va tuproq eroziyasining oldi olinadi, bioxilma-xillik saqlanadi, kelajak avlod uchun sog‘lom tabiiy muhit yaratiladi.

Jumladan, biz yashayotgan Urganch shahrini bog‘lovchi halqa yo‘li bo‘yida “Kasaba uyushma bog‘i”ning barpo etilishi ayni muddao bo‘ldi. Qisqa muddat ichida obodonlashtirilgan bog‘ 20 gektarni tashkil etib, bu yerda 35 ming tupdan ziyod 15 xil manzarali daraxtlar, jumladan, archa, qarag‘ay, terak, gujum va boshqa turdagi ko‘chatlar ekildi. Hozirda mazkur xiyobon aholining barcha qatlami uchun birday so‘lim va go‘zal maskanga aylangan.
Joriy yilda ham Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i va Yoshlar ko‘li hududida sokin va yashil hududlar yaratiladi.
Shu bilan birgalikda Xiva shahar “Arda Xiva” turistik majmuasidan “Ichan-qal’a” majmuasigacha bo‘lgan hududda qiymati 16 milliard so‘m bo‘lgan 7 km uzunlikdagi “Soyali sayr ko‘chalari” tashkil qilinadi.
Eng muhimi, vohamiz iqlim sharoitida shahar va qishloqlar ko‘chalari, maydon va xiyobonlari bo‘ylab ekilgan dov-daraxtlarni, yashilliklarni parvarish qilish va yozning issiq kunlarida qurib qolmasligi uchun astoydil harakat qilish zarur.
Hududlarda bu kabi dendrologiya bog‘larini barpo etish tashabbusi “Yashil makon” loyihasining muhim qismi bo‘lib, u nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Men ham ushbu harakatga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman. Mo‘’jazgina bog‘imiz bor. Unda yigirmadan ortiq mevali va manzarali daraxtlar, o‘ndan ziyod turli gullarni ekib, parvarish qilyapman.
Davlatimiz rahbarining ko‘chat ekish shaxsiy tashabbusi yurtimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish, shahar va qishloqlarimizni yanada obod va ko‘rkam qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi va barchani birdek ruhlantirdi.
Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etishi barcha darajadagi insonlarga kuch-quvvat bag‘ishladi va hammani shu ona-tabiatga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat qildi. Zero, bu kabi tadbirlar nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga xizmat qiladi, balki aholi, ayniqsa, yosh avlod qalbida tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantiradi.
Ezgu va xayrli ishlar bardavom bo‘lsin.
Dilbar Bekchanova,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Xorazm viloyati bo‘limi raisi.
O‘zA