“Yashil makon” dasturi doirasida yashil hududlar kengaymoqda
Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra, mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ekib, yashillik darajasini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. Birgina poytaxtimizda joriy yil “Yashil makon” mavsumi boshidan buyon 236 mingdan ortiq ko‘chat ekildi.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va tizimdagi barcha tashkilotlar ham har yili "Yashil makon” dasturi doirasida akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutiga tegishli hududlarda barpo etilgan bog‘ga an’anaviy ravishda ko‘chat ekish tadbirini amalga oshirib keladi.

Navbatdagi ko‘chat ekish tadbiri davomida manzarali daraxtlar, mevali ko‘chatlar va butalar ekilib, atrof-muhitni yanada ko‘kalamzorlashtirishga hissa qo‘shildi.


Mazkur tadbir aholining ekologik madaniyatini oshirish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Tadbirda Milliy markaz tizimidagi barcha ilmiy muassasa xodimlari faol ishtirok etib, birgalikda obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA