Yaqin hamkorimiz – “Sinxua” vakillari O‘zAda
Birdamlik sari yana bir qadam
Shu kunlarda Xitoyning eng nufuzli axborot agentligi – “Sinxua” vakillari mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Bugun Agentlik mas’ul kotibi Szin Juyue boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari barcha sohalarda jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda ikki davlat o‘rtasida ishonchli axborot almashish muhimligi ta’kidlandi.
– O‘zA xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi har qanday sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlashga tayyor, – dedi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov. – Mamlakatlarimiz qadimiy tarixi, buyuk sivilizatsiyasi bilan mashhur. Buyuk Ipak yo‘li xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stona aloqalaridan darak beradi. Jumladan, O‘zA va “Sinxua” axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik ham tobora rivojlanmoqda. Aytish joiz, Xitoyning media tajribasi rivojlanayotgan davlatlar uchun katta maktab.
Muloqot chog‘ida o‘tgan yil XXR Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida “Xitoy va O‘zbekistonning ajoyib kelajagini birgalikda qurish” sarlavhali maqolasi O‘zA orqali butun mamlakatga va jahonga tarqatilgani e’tirof etildi. Xitoy yetakchisining fikrlari bugungi kun uchun juda dolzarb ekaniga urg‘u berildi.
Janob Szin Juyue o‘zaro sheriklikni zamon talabi darajasida rivojlantirish, tezkor almashish, xodimlar tajriba va malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
Bugungi global o‘zgarishlar davrida axborot makonining ahamiyati beqiyos. Shu ma’noda, ayniqsa, davlatlar rahbarlari darajasidagi tadbirlar mundarijasiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Muloqot chog‘ida ko‘p yillik an’anaga ega O‘zA Xitoyning nufuzli axborot agentliklari bilan aloqani zamonaviy tendensiyalarga mos tarzda rivojlantirish tarafdori ekani yana bir bor tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi delegatsiyasi joriy yil may oyida “Sinxua” tashabbusi bilan tashkil etgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” axborot agentliklari forumida ishtirok etgan edi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Davron Ernazarov (surat),
O‘zA