Yaponiya delegatsiyasi Samarqandda
Keyingi yillarda adliya tizimining aholi bilan muloqoti tubdan o‘zgardi, xalq bilan yaqindan muloqot qilishning yangi, zamonaviy va ta’sirchan shakllari amaliyotga tatbiq etildi.
Ayniqsa, huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish orqali fuqarolarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini yanada oshirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va ularning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish barobarida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Samarqand viloyat adliya boshqarmasi o‘ziga xos konseptual yo‘nalishiga ega.
Yaponiya Adliya vazirligining xalqaro hamkorlik departamenti hamda tadqiqot va trening instituti direktori Naito Sintaro boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham Bosh prokuratura akademiyasi xodimlari bilan aynan huquqiy targ‘ibot sohasida Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tajribasi, jumladan, mazkur yo‘nalishda mahallabay asosida qilinayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar ko‘lami bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyat adliya boshqarmasida bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunni amaliyotda tatbiq qilish yuzasidan maxsus qo‘llanma tayyorlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashishga qaratilgan tadbirlarni yo‘lga qo‘yish muhokama markazida bo‘ldi.
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyev mehmonlarni bu boradagi ishlar ko‘lami, shuningdek, boshqarma faoliyati, xususan, huquqiy targ‘ibot, shu jumladan, jinoyatchilikni oldini olish borasida viloyat prokuraturasi va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
[gallery-8845]
— Boshqarma tomonidan viloyatdagi 11 ta davlat organi va tashkilotlari bilan yo‘l xarita ishlab chiqilgan, — dedi S.Nuriyev. — Huquqiy targ‘ibot tadbirlarining amalga oshirilishida asosan yoshlar va ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar qamrab olinishiga e’tibor qaratilgan. Viloyatdagi 1126 ta mahalla 344 nafar adliya tizimi xodimlari va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarga biriktirildi. Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan berilgan jinoyat fabulalari asosida 266 ta jinoyat bo‘yicha joylarda muhokama-targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, sir saqlanishi lozim bo‘lgan jinoyatlar yuzasidan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari bilan doimiy hamkorlik o‘rnatilgan.
Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mehmonlar ularni boshqarma tomonidan mahallabay asosida amalga oshirilayotgan huquqiy targ‘ibot ishlari jarayoni, ularning amaliyotga tatbiq etilish mexanizmi, samaradorligi qiziqtirayotganligini ma’lum qilishdi. Shundan so‘ng mahallabay asosidagi targ‘ibot tadbirlari haqida taqdimot o‘tkazildi. Ta’kidlanishicha, o‘tgan davrdagi 266 ta jinoyatning 93 tasi firibgarlik jinoyati bilan bog‘liq. Shu sababli sodir etilgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqqan holda firibgarlik jinoyatlari yuzasidan ham targ‘ibot tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungacha boshqarma tomonidan qariyb 30 mingga yaqin huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirildi. Bunda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga ham huquqiy yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratilgan. 1000 dan ortiq mahallalarda 4300 nafardan ziyod (shundan 2 322 nafari xotin-qizlar) fuqarolar ishtirokida targ‘ibot ishlari o‘tkazilib, 3500 dan ortiq huquqiy tushuntirish berildi va 798 ta murojaatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yaponiya tomoni bilan hamkorlikda 2017 yildan beri qator tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. 2019 yilning 13 martida ikki davlat Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan va unga asoslanib Yaponiya mutaxassislari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh tomonidan Qo‘llanmani ishlab chiqish bo‘yicha ishlar boshlangan.
G‘.Hasanov, O‘zA