Yangiyo‘l sabzavotlari endi xalqaro bozorlarda
Yangiyo‘l tumanida eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va tashqi bozorlarga chiqarish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Yangiyo‘l Agro Star” korxonasi tomonidan zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yetishtirilayotgan pomidor mahsulotlari xalqaro bozorlarda xaridorgir bo‘lib, Italiya va Turkiya davlatlariga eksport qilinmoqda. Mavsum davomida korxona tomonidan 2 ming tonnaga yaqin mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hududning eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, pomidor qoqi tayyorlash jarayonida qo‘llash uchun Turkiya davlatining "Ark konservachilik" kompaniyasidan zamonaviy pomidor kesish texnologiyasi olib kelindi. Mazkur texnologiya vaqt va mablag‘ni sezilarli darajada tejaydi. 1 soatda 3-5 tonna pomidor kesish quvvatiga ega. Qo‘l mehnatidan foydalanilganda bu vazifa uchun 35-40 nafar odam bir kun vaqt sarflaydi.

Shu bilan birga, loyiha doirasida 80 nafardan ortiq fuqaroning doimiy bandligi ta’minlangan.

Bugungi kunda Yangiyo‘l tumanida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, eksport hajmini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Zamonaviy yondashuv va mehnatsevar dehqonlar sa’y-harakatlari natijasida mahalliy mahsulotlar jahon bozorlarida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.
A.Musayev,O‘zA.