Yangi yilga – yangi orzular bilan
Davlatimiz rahbari, inson hayotidan qachon rozi bo‘ladi?
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi 6 nafar mehnatga layoqatsiz, oilasida nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar Yangi yil bayramini zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan yangi uylarda kutib oladigan bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari, inson hayotidan qachon rozi bo‘ladi? Qachonki, u o‘z uyiga ega bo‘lsa, oilasi bilan tinch-totuv yashasa ana shunda ko‘ngli xotirjam, hayotidan rozi bo‘ladi, deya ta’kidlagandi.
Uy-joyga ega bo‘lmagan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mutlaqo yangi tizim joriy etilgani, oilasida nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmandlarning orzu-niyatlari amalga oshishida muhim ahamiyat kasb etayotir. Tumanda ushbu tizimga muvofiq, oilasida nogironligi bo‘lgan, uy-joyga muhtoj ayollar ro‘yxati shakllantirildi. Ana shu ro‘yxat asosida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tuman bo‘yicha imtiyozli uylar uchun boshlang‘ich badal puli sifatida jami 210 million 672 ming 500 so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi. Ana shunday yordam tufayli joriy yilda 6 nafar mehnatga layoqatsiz, oilasida nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand ayollar zamonaviy uy-joyga ega bo‘ldi.
– Quvonchimizning cheki yo‘q, – deydi yangi uy sohiblaridan biri, II -guruh nogironi Olmaxon Boshmanova. – Oilamizdagi 9 nafar jon bilan tor uyda yashab kelayotgan edik. Prezidentimizning biz ehtiyojmand, oilasida nogironligi bo‘lganlarga g‘amxo‘rliklari samarasida barcha qulayliklar yaratilgan, eng zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan yangi uyga ega bo‘ldik.
Xalqiga mana shunday e’tiborli, ana shunday g‘amxo‘r bo‘lgan boshqa davlat ham, boshqa Prezident ham dunyoda bo‘lmasa kerak. Ana shunday jannatmakon O‘zbekistonda, xalqparvar Prezidenti bor mamlakatda yashayotganimizdan Yaratganga ming bor shukr qilamiz. Biz nogironlarning baxtiga, mehnatkash xalqimizning, jonajon O‘zbekistonimizning baxtiga Yurtboshimiz hamisha sog‘-omon bo‘lsin.