“Yangi yil” savdo yarmarkalarida narxlar barqaror
Toshkent viloyati tuman va shaharlaridagi dehqon bozorlarida “Yangi yil” savdo yarmarkalari tashkil etilgan. Bu aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Bozorlardagi narx barqarorligini ta’minlash va noroziliklar vujudga kelishini oldini olish borasida muayyan chora-tadbirlar belgilangan, Jumladan, mazkur ishlar viloyat prokuraturasi va Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamkorligida nazoratga olingan.
Ayni paytda joylarda 22 ta dehqon bozori mavjud bo‘lib, ularning 17 tasi doimiy faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 374 ta savdo o‘rinlaridan iborat oziq-ovqat savdo yarmarkalari aholi xizmatida. Dehqon bozorlarda tashkil etilgan “Elga xizmat” maxsus rastalarida 1 kilogramm mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha – 55-58 ming so‘m, tovuq go‘shti o‘rtacha 25-28 ming so‘m, kartoshka o‘rtacha – 3,5-5 ming so‘m, piyoz o‘rtacha 1 ming 500 so‘m, tadbirkor rastasida o‘rtacha 2000 so‘mdan sotilmoqda. Qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini ham arzonlashtirilgan narxlarda xarid qilish mumkin. Narxlar barqarorligini ta’minlash uchun dehqon bozorlari va tumanning aholi gavjum bo‘lgan joylarida tashkil etilgan arzonlashtirilgan “Yangi yil” savdo yarmarka nuqtalariga mavsum boshidan 15 tonna qo‘y go‘shti, 27 tonna mol go‘shti, 26 tonna parranda go‘shti va 334 ming 750 dona tuxum mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan uzluksiz sotilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Narxlarni kunlik monitoring qilish tizimi asosida narx oshishi ehtimoli yuqori bo‘lgan mahsulot turi hududlar kesimida oldindan prognoz qilinib, natijalariga ko‘ra mahsulotlar arzon bo‘lgan hududdan narx oshgan hududlarga intervensiya qilinmoqda. 2021 yilning 26 dekabr holatiga 125 tonna kartoshka, 97 tonna piyoz, 55 tonna sabzi, 39 tonna tovuq go‘shti, 18 tonna mol va qo‘y go‘shti mahsulotlari, 363 ming 550 dona tuxum, 34 tonna guruch va 40 tonna shakar ishlab chiqarish narxida intervensiya qilindi. Shuningdek, tuman va shaharlarda qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar va un mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar rahbarlari bilan davlat tomonidan qat’iy belgilangan narxlardan qimmat narxda sotilishini oldini olish yuzasidan muntazam ravishda profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda. Aniqlangan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilib kelinmoqda. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan belgilangan muddatlarda batafsil axborot berilmoqda.
<iframe width="1180" height="664" src="https://www.youtube.com/embed/3Ev22JXtimY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
A.Musayev, O‘zA