Yangi Xitoy me’mori – Den Syaopin
Bugundan biz muxbirimizning “Yangi Xitoy me’mori – Den Syaopin» deb nomlangan turkum maqolalarini berib boramiz.
Bugundan biz muxbirimizning “Yangi Xitoy me’mori – Den Syaopin» deb nomlangan turkum maqolalarini berib boramiz. Mazkur turkumning 1-qismi diqqatingizga havola etilmoqda.
“Olib borayotgan siyosatining maqsadi va amalga oshirayotgan isloxotlarining ko‘lami O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevni buyuk Xitoy reformatori Den Syaopinga qiyos qilishga to‘la asos beradi”.
Li Chjanshu,
Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi
Doimiy qo‘mitasining Raisi
Yaqinda Xitoyda o‘tgan “Bir makon – bir yo‘l” Xalqaro forumi doirasidagi uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga berilgan bu baho, ramziy, qiyosiy tarif va tavsiflarni o‘qib turib Xitoy isloxotlari bilan biz qanchalik atroflicha, jiddiy qiziqayotgan bo‘lsak Xitoy ham O‘zbekistonni va bizda sodir bo‘layotgan barcha voqea-xodisalarni shunchalik diqqat-e’tibor bilan sinchiklab kuzatib borayotganligiga ishonch hosil qilasan kishi. Shunda savol paydo bo‘ladi: xo‘sh, O‘zbekiston Prezidentiga qiyos qilinayotganDen Syaopin kim, bu mo‘tabar shaxsni ozmi-kupmi bilganimiz xolda, u to‘g‘risida to‘laroq ma’lumotga egamiz-mi?
Dunyo Xitoy rahbarlaridan Mao sze Dunni, Chjou Enlayni, Gomendan partiyasining rahbari Chan Kayshini biladi. Xitoyning bu rahbarlari mamlakat tarixida katta va o‘chmas iz qoldirishgan bo‘lsa ham, ular eski Xitoyning an’anaviy ichki va tashqi siyosati bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar ekanligi ma’lum. Den Syaopin esa bugun iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan davlatning rahbari, Yangi Xitoyning me’mori, asoschisi sifatida dunyoga tanildi.
Vikipediya ensiklopedik lug‘atida shunday tarifni o‘qiymiz. “Xitoy siyosatchisi, Xitoy Kommunistik partiyasining arbobi, amalda biron marta birinchi rahbar lavozimida ishlamagan. Ammo taqdir taqazosi, davr talabi va xalq istak-xoxishi bilan 1970 yil oxiridan boshlab 1990 yillar boshiga qadar aholisi bir milliarddan ortiq bo‘lgan Xitoy Xalq respublikasining “tegirmon toshi”ni yuritgan, uni real boshqargan shaxs”.
Ta’kidlash joizki,Den Syaopin rahbar uchun juda muhim, noyob qobiliyatga ega bo‘lgan davlat arbobi edi. Insoniyat tarixida odatda qirg‘in-barot urush, to‘s-to‘polonlar, janjal va mojarolarsiz hal bo‘lmaydigan ishlarni muzokara, murosayu madora, tinch yo‘l bilan uddasidan chiqdi. U bir-biriga qarama qarshi bo‘lgan ikki tushunchani, biri ikkinchisini inkor etuvchi ikki ilmiy-nazariy konsepsiyani, ikki ijtimoiy-siyosiy tuzumni, ikki dunyo, ikki olamni bir-biri bilan kelishtirib, ularni birlashtira olgan buyuk tarixiy shaxs, yirik davlat arbobi, isloxotchi-reformatordir. Uning taqdiri oson kechgani yo‘q. O‘sha egallab turgan lavozim pillapoyalarida u bir ko‘tarilar, keyin qayta tushardi va yana lavozimga tiklanar edi. Faoliyati mobaynida uch marta yuqori mas’ul lavozimlardan chetlatilgan. Ta’qib ostida bo‘lgan, surgun qilingan, ammo vatanining taqdiriga befarq qaray olmaydigan bu davlat va jamoat arbobi siyosiy arenada qayta va qayta paydo bo‘ldi. Aytgandek, “den syaopin” degan so‘zning o‘zi xitoychasiga – hech kim yengib bo‘lmaydigan, yiqilsa shu zahoti oyoqqa turadigan, mustahkam irodali, o‘zbekcha qilib aytganda, yelkasi yerga tegmaydigan polvon, paxlavolardan edi.
Denning bo‘yi past, 152 santimetr, lekin jasur, bukib bo‘lmaydigan f’el-atvorga ega, mustaqil, dahlsiz fikrlaydigan dono shaxs edi. Den Syaopinning besh farzandi: uch qizi, ikki nafar o‘g‘li bor. Katta qizi san’atshunos, ikkinchi o‘g‘li “madaniy inqilob”dan, xunveybinlardan qattiq azob chekkan, o‘sha Xitoy “madaniy revolyusiya”si tamg‘asini tanasida, vujudida olib yurgan nogiron, Umumxitoy nogironlar federatsiyasining raisi, ikkinchi qizi XXR fan va texnika ministrining o‘rinbosari, kichik qizi “Mening otam – Den Syaopin” nomli kitobning muallifi, kichik o‘g‘li Pekin universitetining tabiiy fanlar fakultetini bitirgach Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Rotchester univesitetida professor lavozimida ishlaydi.
Den Syaopin 1904 yili 22 avgustda Sыchuan provinsiyasining Guanan okrugida ziyolilar oilasida dunyoga keldi. Uning tarbiya, maorif, ma’rifat nima ekanligini yaxshi tushunadigan, kambag‘alparvar otasi Den Venmin katta o‘g‘li Denni Chunsindagi eng yaxshi o‘rta maktablardan birining tayyorlov kursiga o‘qishga beradi.
Hujjatlarida Denning ismi Syanshen deb yozilgan edi. Syanshen xitoychadan tarjima qilinganda “donishmanddan ham aqlli” degan ma’noni anglatar ekan. Shu sababli-mi, maktabda o‘qiyotgan paytida o‘qituvchisining taklifi bilan kelajakda buyuk siyosatchi bo‘ladigan o‘spirin - Den Sisyan, keyinroq Den Syaopin deb atala boshlandi.
1919 yili Den faoliyatlarini revolyusionerlikdan boshlab keyinchalik katta davlat arboblari bo‘lib yetishgan: Xo Shi Min (Vetnam Demokratik Respublikasining birinchi prezidenti), Chjou Enlay (XXR Davlat Kengashining birinchi raisi) va Pol Pot (Kambodja Bosh vaziri) kabi 80 talaba qatorida Parijga o‘qishga ketadi. Den u paytda 15 yoshda edi. Fransiyada moddiy qiyinchilikka uchragach avval temir-ruda konida, so‘ngra “Reno” avtomobil zavodida o‘t o‘chiruvchi, ofitsiant bo‘lib ishlab pul topadi. Talabalik yillari u onasidan ajralib qoldi.
Fransiyada Den o‘zidan katta bo‘lgan do‘stlari ta’sirida marksizm bilan qiziqib qoladi va ularga qo‘shilib omma orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yuritadi. 1921 yili Den Xitoy Kommunistik yoshlar ittifoqiga kirdi. 1923 yilning ikkinchi yarmida esa Xitoy Kommunistik partiyasiga a’zo bo‘ladi va Xitoy Kommunistik yoshlar Ittifoqi Yevropa bo‘limining rahbarlaridan biriga aylanadi.
Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, o‘tgan asrning o‘rtalarida ruslar ham, xitoyliklar ham, bizlar ham aslida bir xil tarbiya ko‘rib, bir buloqdan suv ichganmiz. Lekin bu uch davlat Rossiya, Xitoy va O‘zbekistonning tarixi va taqdiri turli bo‘lganiga hayron bo‘lasan kishi. 1926 yili Den Syaopin Moskvadagi I.V.Stalin nomidagi mehnatkashlar Universitetida o‘qiydi. Bu yillari SSSRda yangi iqtisodiy siyosat - NEP atrofida katta va o‘tkir baxsu munozaralar borayotgan edi. Den rus bolsheviklarining va ayniqsa Nikolay Buxarinning kapitalizmdan sotsializmga o‘tish konsepsiyasiga oid ilmiy-nazariy ishlari bilan tanishdi.
Sharqdan, Xitoydan ko‘p jihatlari bilan keskin farq qiladigan G‘arb dunyosini ko‘rgan, ko‘p orzu niyat, rejalarga to‘la Den 1926 yilning sentabr oyida vataniga qaytadi. 1934 yili dekabrda Xitoy kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi Sekretariatiga mudir etib tayinlandi. Maochilarga qarshi chiqqan Gomindanlar harakatiga qarshi kurashdi. 1948 yili mag‘lubiyatga uchragan Gomindanlar partiyasining rahbari Chan Kayshi Tayvanga qochib u yerda o‘ziga xos davlatga asos soladi.
Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan 1949 yili Den Syaopin, keyin taqdirida muhim rol o‘ynagan, mamlakatning janubiy g‘arbiy rayonlariga ishga yuboriladi. U yerda Den partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida ishladi.
1957 yili Mao szedun Den Syaopinni Xitoy Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasiga bosh kotib lavozimiga taklif etadi. Den Maonning hayoti paytida uning me’rosxo‘ri deb e’lon qilingan Lyu Shaotsi bilan birgalikda Xitoyning “Buyuk sakrash” dasturida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida yangi iqtisodiy isloxotlarga kirishadi. Muvaffaqiyatli chiqqan bu faoliyati unga partiya oldida ham, xalq oldida ham katta obro‘-e’tibor olib keladi. Den bilan Lyu Shaotsi Mao szedunning radikalizmidan yumshoqroq, lekin unga qaraganda ancha puxta, egiluvchan siyosat yuritishadi.
Mao szedun vafotidan keyin hukumat boshida bosh vazir Xua Gofen turgan bo‘lsa ham dunyoqarashixalqqa yaqin bo‘lgan, boshqaruv apparatlarida anchadan buyon ishlayotgan, maslahat olishga barcha uning oldiga oshiqadigan Den Syaopin mamlakatning bosh siyosiy, iqtisodiy, bir so‘z bilan aytganda haqiqiy rahbari bo‘lib qoladi.
Mao hukmronligining so‘nggi yillarida uzoq davom etgan va xalqning tinkasini quritgan “madaniy inqilob”lardan so‘ng ham jismoniy, ham ma’naviy xoldan toygan, iqtisodi qashshoqlashgan, boz ustiga tobora avj olib borayotgan fuqarolar urushiga g‘arq bo‘lib ketish arafasida turgan Xitoyda rahbarlik lavozimiga kelgan Den Syaopin qadimda hukm surgan barcha boshqaruv usullari, ijtimoiy-siyosiy tuzumlarni chuqur idrok etib, tahlil qilib bir xulosaga keladi va mamlakatni yangi yo‘lga boshladi. Den “Xitoyning o‘ziga xos spesifikasiga ega bo‘lgan sotsializm”ga, umumxalq davlatiga asos soladi, bir milliarddan ortiq aholiga ega bo‘lgan jamiyatga bundan buyon mutlaqo yangicha fikrlashni, yangicha ishlashni taklif etdi, yuqori samara beradigan jiddiy iqtisodiy isloxotlar tashabbuskori bo‘lib chiqdi va tarixan qisqa davr ichida Xitoyni jahon bozorining uzviy bir qismiga aylantirishiga muvaffaq bo‘ldi.
G‘arb ilmidan bahramand bo‘lgan, ularning tajribasini o‘rgangan, tinib tinchimas Den Xitoydek aholisi favqulodda ko‘p, hududi nihoyatda katta bo‘lgan davlatning iqtisodiyotini rivojlantirishning o‘ziga xos yangi, har bir ishning natijasi, uning yuqori samarasiga yo‘naltirilgan mexanizmlarini topgandek bo‘ladi. 1961 yili Guanchjou konferensiyasida, siz bilan bizga, jumladan butun dunyoga ham juda tanish bo‘lib qolgan: “Mushukning qora yoki oq rangda bo‘lishiga qaramang, muhimi u sichqon tuta bilishi kerak, bunday mushuk - yaxshi mushukdir”, - degan mashhur iborasini ishlatadi.
1966 yili Xitoyda “madaniy revolyusiya” boshlanadi. Den Syaopin barcha lavozimlardan bo‘shatiladi, ishdan chetlashtiriladi va szyansi provinsiyasidagi traktor zavodiga oddiy ishchi qilib “mehnat fronti”ga jo‘natiladi. Shu paytda Den ko‘p ilmiy maqolalar yoza boshlaydi. “Madaniy inqilob” deb atalmish tegirmondan omon qoladi, lekin uning safdoshi Lyu Shaotsining ishi sudga oshirilib u xibsga olinadi va qamoqxonada vafot etadi. Xunveybinlar Den va uning oilasini ham ta’qib ostiga olishadi. O‘g‘li Pufanni ushlab qattiq qiynoqlarga solib, 3 nchi qavatdan tashlab yuborishadi. U o‘lmasa ham bir umrga nogiron bo‘lib qoladi.
Tarix va taqdir Den Syaopinni sinovlardan sinovlarga solar edi. 1976 yili, do‘sti va maslakdoshi Chjou Enlay vafotidan keyin uning boshiga katta tashvish tushadi. U partiya apparatidan chetlashtirilib tashqi aloqalar xizmatiga, ikkinchi darajadagi ishga ko‘chiriladi. Keyin esa ishsiz qolib ancha payt uyida taqdiri nima bo‘lishini kutib yotadi. Va nihoyat, 3 mart kuni Mao szedun “madaniy revolyusiya” mamlakatda qonuniy o‘tkazilgan” deb qaror chiqaradi, Den Syaopin masalasi ustida to‘xtalib, quruqqina: “bu mamlakatning ichki muammosi” deb ta’kidlaydi. Bu qaror Markazqo‘m va barcha provinsiyalar tomonidan bir ovozdan qo‘llab quvvatlanadi. Mao szedundan keyin yana Den Syaopinni tanqid qilish kompaniyasi boshlab yuboriladi.
Siz“Yangi Xitoy me’mori - Den Syaopin» deb nomlangan turkum maqolalarning birinchi qismi bilan tanishdingiz. “Xitoyning yagona lideri” deb nomlangan maqolaning 2 qismi bilan ertaga tanishasiz.
Muallif Irismat Abduxoliqovning “Buyuk Xitoy me’mori - Den Syaopin» nomli ushbu maqolasi “Hurriyat” gazetasining bugungi sonidan chop etila boshladi.