Yangi tizim oʻz samarasini berdi
Endi fuqarolar yer va mol-mulk soliqlarini soliq idorasiga borib navbatda turib amalga oshirishlari shart emas.
Jizzax viloyatida joriy yilning may oyidan boshlab yer va mol-mulk soliqlari “Soliqlarni aqlli yigʻish tizimi” dasturiy qurilmasi orqali yigʻilmoqda. Hududiy soliq inspektorlari 70 ta SAYT qurilmasi orqali fuqarolardan soliq toʻlovlarini naqd pul yoki plastik karta orqali qabul qilayotir.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qilishicha, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish mahalliy dasturi doirasida ushbu yangi elektron tizim ishga tushgan vaqtdan shu kunga qadar davlat byudjetiga jami 2 milliard 790 million soʻm soliq toʻlovlari undirildi.
Endi fuqarolar yer va mol-mulk soliqlarini soliq idorasiga borib navbatda turib amalga oshirishlari shart emas. Hududiy soliq inspektori qoʻl ostidagi aqlli qurilma yordamida bu ishni xonadonning oʻzida, naqd pul yoki plastik kartochka orqali amalga oshirishi mumkin.
Qurilmasida navigatsiya tizimi orqali qarzdor soliq toʻlovchining aniq manziliga yoʻnaltirish dasturining mavjudligi va dasturiy tizimning ishlashi jarayonida davlat soliq xizmati xodimining kunlik amalga oshirgan operatsiyalari nazorati mavjudligi yangi asosda toʻlov SAYT – soliqni aqlli yigʻish tizimining har tomonlama afzalligini koʻrsatdi.