Yangi shifo maskanlari – el xizmatida
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Namanganda eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz istiqlolining 33 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan zamonaviy shifo maskanlari ana shu g‘amxo‘rlikning amaliy isboti bo‘ldi.
2024 yilda Investitsiya dasturi doirasida viloyatdagi 10 ta davolash-profilaktika muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, ularga 65 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflandi. Xususan, Davlatobod tumani Irvadon mahallasi hududida joylashgan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining birinchi navbati ishga tushirilishi ko‘pchilik uchun bayram tuhfasi bo‘ldi.

Bayramona ruhda kechgan tadbirda viloyat sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mazkur bolalar shifoxonasining mavjud bino-inshootlari yillar davomida ta’mirtalab holga kelgandi. Ayni shu sababdan ham, joriy yil boshidan 395 o‘rinli markaz binolarini rekonstruksiya qilishga kirishildi. Salkam 10 milliard so‘mga yaqin pardozlash va ta’mirlash ishlari olib borilishi natijasida mazkur muassasa yanada ko‘rkam, qulay va muhtasham maskanga aylandi.

Davlatobod tumanidagi O‘rta Ravuston mahallasida yangidan barpo etilgan 20-sonli oilaviy poliklinika ham xalqimiz salomatligi yo‘lida ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikdan dalolat. Yaqingacha bu joyda 8-sonli oilaviy poliklinikaning filiali sifatida foydalanib kelingan bir qavatli, sharoitlari cheklangan bino edi.

Bino va inshootlar qurilishi uchun salkam 4 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Aholi salomatligini mustahkamlashda xususiy sektorning rivojlanib borayotgani aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirmoqda. Davlatobod tumanida yangi ishga tushirilgan “Kardio-mir” tibbiyot markazi ham ayni shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. Umumiy qiymati 7 milliard so‘mga teng loyiha ijrosi o‘laroq qurilgan ikki qavatli bino eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

– Markazda ishlash uchun 25 ta yangi ishchi o‘rni yaratilgan. Ushbu tibbiyot markazi uchun zarur bo‘lgan texnologiyalar Germaniya va Xitoydan keltirilgan, – deydi xususiy shifoxona ta’sischisi, tibbiyot fanlari doktori Mirmahmud Mirsaydullayev. – Bu esa o‘z navbatida, fuqarolarga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

Ikki daryo oralig‘idagi manzilda istiqomat qilayotgan norinliklar uchun ham mustaqilligimizning 33 yillik to‘yi munosib tuhfalarni taqdim etmoqda. Xususan, tuman markazida mukammal ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan 18-sonli oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi. Mazkur muassasani qayta qurilishiga 3 milliard 152 million so‘m yo‘naltirildi. Ushbu poliklinika 15 ming nafarga yaqin kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Bino yorug‘ va shinam. Xonalar zamonaviy anjom va uskunalar bilan jihozlandi.
Yangi shifo maskanlarining ochilish tadbirlarida qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tibbiyot sohasida olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgani bilan muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.