Yangi renessans uchun asoslar yetarli
Darhaqiqat, bashariy jamiyatda taʼlim qachon paydo boʻlib, uning oliy shakli qachon shakllanganiga javob berish qiyin.
Samarqand davlat universiteti rektori professor R.Xolmurodovning Samarqand davlat universiteti yoshini belgilash, uning Ulugʻbek madrasasi vorisi sifatida 600-yillik asos tarixi haqidagi tashabbusli chiqishlari mamlakatimiz, qolaversa bizga xayrixoh xorijlik ziyolilarning ham keng muhokamalariga, qoʻllab-quvvatlashlariga sabab boʻlmoqda.
Bu gʻoya milliy ziyolilarimiz koʻngillari tubida anchadan buyon mavjud, hatto bu xususda kitoblar yozilgan boʻlsa-da, chorizm va shoʻro mafkurasining ong va shuurlariga oʻrnashib olgan taʼsiridan qutula olmagan baʼzi mutasaddilarning yoʻl bermagani oqibatida soyada qolib kelayotgan edi. Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlimni isloh qilish, uning jahondagi yetakchi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, ularning tajribalarini amaliyotga tatbiq etilishi borasida ilgari surilayotgan gʻoyalari bunday tashabbusga keng yoʻl ochdi. Tashabbus qoʻllab-quvvatlanishi bilan birga oʻrinli takliflar ham bildirilayotgani ishning mukammal qaror topishiga ishonch uygʻotadi.
Darhaqiqat, bashariy jamiyatda taʼlim qachon paydo boʻlib, uning oliy shakli qachon shakllanganiga javob berish qiyin. Islomiy manbalarga koʻra, Odam Atoga u endigina yaratilgan paytdayoq olam va undagi ashyolar haqida oʻrgatilgan. Buning oʻziga xos majoziy maʼnosi bor: taʼlim boshlangʻichdan oliygacha ijtimoiy ehtiyoj boʻlib, uning tarixi insoniyatning ibtidoiy davriga – eng qadimga borib taqaladi. Taʼlim muassasalari yangi binoga ega boʻlishi uning mohiyati qadimiy ekanini inkor eta olmaydi. Yaʼni taʼlim faqat va faqat avvalgilar tajribalarini bir oz takomillashtirib keyingilarga yetkazish yoʻlidagina rivojlanishi mumkin – uning boshqa yoʻli yoʻq. Hatto, uning yangicha nomlanishi (m., madrasa – universitet) yoki unda mafkuraning yangilanishi (m., diniydan dunyoviyga oʻtish) ham taʼlim mohiyatini oʻzgartira olmaydi. Taʼlim – insoniyat takomili yoʻlidir. Ana shu haqiqatga amal qilib faoliyat olib borayotgan taʼlim muassasasini eng qadimiy deyish mumkin.
Bugungi dunyoda universitetlarning yoshi qadimiyligi borasida koʻproq Al-Qaraviyyin universiteti tilga olinadi. Unga 859-yilda Marokkoning Fes shahrida tunislik yirik savdogarning qizlari Fotima va Maryam al-Fixriylar tomonidan asos solingan. U islom olamida yirik taʼlim markazlaridan sanaladi. U Gennesning rekordlar kitobiga “dunyoda uzluksiz faoliyat koʻrsatayotgan qadimiy oliy taʼlim muassasasi” sifatida kiritilgan. Universitet xuddi shunday nom bilan YUNESKO roʻyxatiga ham kiritilgan. 1947-yilgacha universitet oʻz bitiruvchilariga diplom ham bermagan. 1963-yildagina u zamonaviy universitet tizimiga oʻtgan. Lekin u faqat diniy taʼlim berish bilan shugʻullanmoqda. Shunga qaramay, u Gennesning rekordlar kitobida va YUNESKO roʻyxatida turibdi va mamlakat taʼlimi shuhratini oshirishga xizmat qilyapti.
Baʼzi olimlarning qayd etishlaricha, eng qadimgi universitet 855-yilda Konstantinopolda, oldindan mavjud boʻlgan oʻrta asr maktablari bazasida, Vizantiya davlat arbobi Varda va faylasuf, matematik Lev tomonidan asos solingan hamda shahardagi Magnavr saroyi nomi bilan yuritiladi. Manbalardan maʼlumki, bu universitetning faoliyatida jiddiy uzilishlar boʻlgan.
Ulugʻbek madrasasi faoliyati 1920-yilda toʻxtatilgan boʻlsa-da, shu yili Samarqandda ikki yillik pedagogik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurti ochish haqida qaror qabul qilinishi va u Samarqand davlat universitetiga yangi asos, aslida, samarqandlik ziyolilarning avvalgi – madrasada mavjud boʻlgan ilmiy va taʼlimiy faoliyatning davomi edi. Demak, saviya va shakl maʼlum darajada oʻzgarganiga qaramay taʼlim rishtasi uzilmadi. Bunday maʼlumotlar Samarqand davlat universiteti yoshini 600-yil deb belgilanishiga hech qanday monelik yoʻqligini koʻrsatadi.
Islom kirib kelishidan oldin ham yurtimiz hududlarida taʼlim muassasalari boʻlganiga shubha yoʻq. Islom sharoitida vujudga kelgan katta ilmiy, taʼlimiy yuksalish bu yerda taʼlim-tarbiya zamini boʻlganidan dalolat beradi. Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida keltirilishicha, mamlakatimizga islom davridagi ilk madrasa sifatida X asrda qurilgan Farjak madrasasi qayd etilgan. Samarqandda ham X asrdan boshlaboq oliy taʼlim shakli boʻlganiga hech shubha yoʻq. Bu yerda yetishib kamol topgan allomalar haqidagi maʼlumotlar va ularning merosi bunga dalil. Lekin Samarqand davlat universiteti yoshini Ulugʻbek madrasasining qurilib bitirilishi yili bilan belgilanishi eng maqbul oʻz asoslariga ega. Ular, bizningcha, quyidagilar:
1. Oliy taʼlim muassasasi asoschisi dunyoda har qanday milliy, irqiy, diniy va boshqa mafkuraviy jihatlardan ustun darajada tan olingan qomusiy alloma va hukmdordir. Ulugʻbek nomining bugungi ilm-fandagi shuhrati yulduzlarni nomlashda ham qoʻllanganida koʻrinadi. Dunyodagi boshqa biror universitet asoschisi bu sohada Ulugʻbek bilan tenglasha olmaydi. Bu tanlov yangi Oʻzbekiston nomining dovrugʻiga ham xizmat qiladi.
2. Ulugʻbek madrasai oliyasining faoliyati bugungi universitetlar talablariga ham javob berar edi. Uning shuhrati tez orada dunyoning bir qator mamlakatlariga tarqalishining sababi sifatida undagi ilmiy salohiyatning oʻz davrida tengsiz darajada yuksak boʻlganini aytish mumkin. Unda oʻqitiladigan dunyoviy fanlarning oʻrni va “dorulhikma” akademiyasi, shuningdek, rasadxona kabi ilmiy laboratoriyalar hech bir taʼlim muassasasida boʻlmagani aniq. Muhtaram rektor yozganlaridek, “Dorul hikmat” olimlari riyoziyot, ilmi hayʼat, handasa, jugʻrofiya, tarix, ilmi nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, aruz (sheʼriyat), ilmi hisob, hadis, fiqh, adab, ilmi hikmat, ilmi kalom, arab tili kabi fanlarning turli sohalarida nodir asarlar yaratgan va mana shu fanlar oliy madrasada oʻqitilgan ham. Birgina Ulugʻbek madrasasida 100 dan ortiq chet mamlakat va shaharlardan (ular madrasaning 50 ta hujrasida yashab, tahsil olganlar) hamda Samarqand shahri va uning yaqin atrofidagi hududlardan kelgan bir necha oʻnlab tolibi ilmlarga oʻz davrining taniqli va yuksak salohiyatli 70 dan ortiq mudarris-olimi taʼlim-tarbiya bergan. XV asrda bunday nufuzli taʼlim maskani yana qayerda boʻlgan?
3. Bugungi kunda dunyo universitetlarining reytingini belgilashda uning bitiruvchilari salohiyati ham hisobga olinadi. Ulugʻbek madrasai oliyasida tarbiyalangan, taʼlim olgan Ali Qushchi, Fathulloh Shirvoniy kabi Sharqning buyuk allomalaridan tashqari, jahon sharqshunoslari tomonidan “soʻnggi shoir” sifatida eʼtirof etiluvchi Abdurahmon Jomiy ham bor. Ularning roʻyxatini yana koʻplab keltirish mumkin. Bunday dalillar Samarqand davlat universiteti tarixini boyitishi shubhasiz. Shuning uchun ham bu tanlovni maʼqullash maqsadga muvofiq.
4. Samarqand davlat universitetining yoshini 600-yil bilan belgilash unga xalqaro miqyosda eʼtiborning oshishiga sabab boʻladi. Qolaversa, buyuk alloma ajdodimiz merosiga egalik maʼnaviy huquqi tiklanishi orqali mamlakatimiz yoshlarida faxr-iftixor tuygʻularini, ilm-fanga masʼuliyat oshirilishiga erishiladi.
5. Xalqaro va mahalliy turizm salohiyati oshadi.
Umuman olganda, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning “Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekistonda ilm-fanning yangi Renessans davri boshlanayotganiga ishonchimiz komil”, degan soʻzlariga toʻla qoʻshilib, bunga asoslar yetarli deb hisoblaymiz. Uning mamlakatimiz ilm-fani va taʼlimi tarixini tiklash hamda Markaziy Osiyoning maʼnaviy poytaxti boʻlgan shaharda faoliyat yuritayotgan universitet nufuzi va maqomini yuksaltirishni koʻzda tutgan tashabbusi va buning uchun boshlangan harakat har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga munosibdir.
Nafas Shodmonov,
QarDU professori, filologiya fanlari doktori.