Yangi qonunning mohiyati tushuntirilmoqda
Sirdaryo viloyatida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi sudlarning sudyalari, prokurorlar, tergovchi va advokatlar, Ichki ishlar, bojxona xodimlari ishtirok etgan tadbirda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov ishtirok etib, mazkur qonun bilan fuqarolarga qator imkoniyat va yengilliklar yaratilayotgani haqida so‘z yuritdi.

Endilikda sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda. Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarori ustidan shikoyat (protest) berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilayotgani qonunning nechog‘lik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi, deyildi seminarda.
Ma’ruzalardan xoli, o‘zaro savol-javoblar asosida tashkillashtirilgan muloqotlarda qonunning amaldagi ijrosini ta’minlash borasidagi masalalar ham muhokamasi qilindi.


Taraflarning xohishiga ko‘ra, sud qarori ustidan o‘n kunlik muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirilishi mumkin. Bu tartib taraflarning sud qarorlari ustidan shikoyat (protest) keltirish huquqi orqali odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Mazkur qonun 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirishini inobatga olgan xolda viloyatda qonunning mazmun-mohiyatini nafaqat sud-huquq idoralari xodimlari, balki aholi, shu jumladan, jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi va sudlanuvchilar o‘rtasida ham keng tushuntirish lozim, degan xulosaga kelindi.


Demak, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan yangi qonunning mohiyatini keng ommaga yetkazish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi asosida viloyatning barcha hududlarida huquqiy-targ‘ibotlar amalga oshiriladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri