Yangi O‘zbekistonda yangi davr shiddati
Ming shukrki, bundan 30 yil oldin xalqimiz uzoq yillar orziqib kutgan mustaqilligini, suverenitetini tantanavor e’lon qilib, o‘z yuksalishining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.
Yurtimiz o‘tgan yillar davomida mustaqilligini har tomonlama mustahkamlab bordi, xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega bo‘la oldi. Kundan kunga yuksalib, taraqqiy etib borayotgan ozod va obod Vatanimizni bugun dunyo tanimoqda, tan olmoqda. Turli sohalarda Vatanimiz erishayotgan yutuqlar yurtdoshlarimizning hamjihatligi, xalqimizning bunyodkorlik borasidagi mehnatlari va albatta, muhtaram Yurtboshimizning olib borayotgan odilona siyosati mahsulidir. Ayniqsa, yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida har qancha gapirsak, kamlik qiladi. Yoshlarimiz ta’lim, sport, san’at, qo‘yingki, barcha sohalarda erishayotgan yuksak marralar ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning samarasidir.
2020 yil 17 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, xalqimiz necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilgan, mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk, olamshumul voqea — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilinganining o‘ttiz yilligini munosib nishonlash maqsadida mamlakatimizda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda Prezidentimiz ulug‘vor rejalar, yangidan yangi beqiyos bunyodkorlik ishlari, olamshumul maqsadlar ro‘yobi haqida so‘z ochdi.
“Bugun mustaqilligimizning birinchi yilida tug‘ilgan bolalar o‘ttiz yoshga – ayni kamolot yoshiga yetdi. Men mana shu navqiron yoshlarimizga, aziz o‘g‘il-qizlarimga murojaat qilib aytmoqchiman. Siz istiqlol farzandlari, ozod va erkin, hur fikrli insonlar sifatida hayotga dadil kirib kelayotganingiz biz uchun eng katta baxt, katta davlatdir. Men ishonaman, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini puxta egallab, biz boshlagan ishlarni munosib davom ettirasiz”, – deya yurtboshimiz o‘z nutqida yoshlarga katta ishonch bildirdi. Darhaqiqat yurtimizda yoshlarning o‘qib, bilim olishi, yetuk va komil inson bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. O‘zbekistonning qay bir go‘shasiga qaramaylik qurilish, bunyodkorlik ishlari, ma’naviyatimiz, ongu shuurimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar yurtdoshlarimiz kayfiyatini ko‘tarmoqda, ularni ulkan orzular, ezgu niyatlar sari ilhomlantirmoqda. Tan olib aytishimiz kerak, istiqlol yillarida, jumladan, keyingi besh yil ichida mamlakatimizda katta hajmdagi xayrli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, mamlakatimizdagi yangi davr shiddati bugun ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani har qachongidan ham ko‘ra dolzarb ahamiyatga ega ekanligini, joriy etilayotgan qaror va farmonlar ilm-fan sohasi rivojida davlat boshqaruv tizimining ustuvorligini aniq, qat’iy asoslab berdi.
Mana shunday yangiliklarni qarshi olayotgan, ulkan fan olamida ilmiy maktab yarata olgan, intellektual salohiyatga ega bo‘lgan Buxoro davlat universiteti respublikada tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. bugungi kunda universitetimizda respublikamizda yagona bo‘lgan “UNIWORK” keng imkoniyatli tizimda ishlashga o‘tildi. Turli rasmiy munosabatlar ushbu dastur asosida olib borilmoqda. Universitetda ilm-fanni yangi bosqichga ko‘tarish, fundamental tadqiqotlar yaratish, yangi nazariyalarni shakllantirish, ijodiy tafakkurni rivojlantirish uchun so‘nggi 2 yilda yangi 2 ta ixtisoslik bo‘yicha (DSc) fan doktori, 15 ta ixtisoslik bo‘yicha 8 ta (PhD) falsafa fanlari doktori bo‘yicha ilmiy kengashlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi ham fikrimizning amaliy isbotidir.
Shu qisqa davr ichida ilmiy kengashlarda jami 97 ta dissertatsiya ishlari 100% ovoz bilan himoya qilinib, dissertantlarimiz falsafa fanlari doktori (PhD) diplomlarini qo‘lga kiritdilar. 13 nafar tadqiqotchilarimiz muddatdan oldin himoya shohsuppasiga chiqdilar. Dunyo tan olgan mamlakatlarning rivojlanish yo‘liga nazar tashlasak, ularning aksari ilm-fan taraqqiyoti va iqtidorli yoshlari hamda olimlari bilan shu darajaga yetganiga guvoh bo‘lamiz. Zero, buyuklar aytganidek, ilm yo‘li mashaqqatli yo‘ldir. U kishidan alohida qunt, katta matonat, sabr-bardoshni talab etadi. Shu ma’noda aytganda, O‘zbekistonimizda olimlarga bo‘lgan e’tibor, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning cheki yo‘q. Bu esa bizga kuch-quvvat bag‘ishlab, ulkan marralarni egallashga imkoniyat yaratmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli so‘zlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi. Intellektual va madaniy salohiyatning qanday noyob boylik ekani, nodir talant egalarini tarbiyalab kamolga yetkazish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutishga haqqimiz yo‘q”. Bunday da’vatli so‘zlar albatta har qanday ilm ahliga qolaversa yoshlarga ruhiy madad bo‘ladi.
bugungi kunda qancha-qancha bilimli, chet tillarni, zamonaviy boshqaruv usullarini yaxshi biladigan navqiron yoshlar hayotimizga kirib kelmoqda. Ular – bizning umidimiz, ertangi kunimiz. Shuning uchun yoshlarga keng yo‘l ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish davlatimiz, Prezidentimiz e’tibori markazida ekanligi kuchimizga kuch qo‘shmoqda.
Yoshlar mamlakat taraqqiyoti modeliga aylanib borayotgan bugungi kunda Yurtboshimizning e’tibori va rag‘batidan kuch olgan, yangi tashabbus va maqsadlar sari qadam qo‘yayotgan yosh avlod yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkori, degan e’tirofga munosib mehnat qilishi kerak. Qolaversa, dunyo miqyosida raqobat keskin tus olayotgan davr faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlari bilan qurollanish lozimligini ko‘rsatadi. Bu borada yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ona Vatanga, Istiqlol g‘oyalariga sadoqati, milliy qadriyatlarga ehtiromi, buyuk ajdodlarga munosib vorislik e’tiqodi bizni Yangi O‘zbekistonning yangi istiqboliga yetaklaydi, albatta.
Xamidov Obidjon Xafizovich
Buxoro davlat universiteti rektori,
iqtisod fanlari doktori, professor