"Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!"
Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli bu yilgi ilk safarini Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshladi.
Birinchi manzil Shimoli-g‘arbiy hududning janubidagi ko‘rkam maskanlardan biri – Beruniy tumani bo‘ldi.
Tinchlik ovulida o‘tkazilgan "Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!" shiori ostidagi festival doirasida tashkil etilgan madaniy va milliy tadbirlarda milliy tariximiz, urf-odat va an’analarimiz, qadriyatlarimiz aks etgan.
Festival besh ming qadam piyoda yurish aksiyasi bilan boshlandi.
“Men ham askar bo‘laman!” tadbirida harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
“Yashil makon yoshlar bilan” ekologik aksiyasida faol ishtirok etgan yoshu-qari ulkan orzular bilan ona zamin tuprog‘iga minglab ko‘chat qadaldi.
Kitob yarmarkasi, “Yosh kitobxon” tanlovi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan maxsulotlar ko‘rgazmasi, “Yosh musavvir” tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini va boshqa tadbirlar, aynan yoshlarimiz katta hayot yo‘lida o‘z o‘rnini topishi, kelajagini belgilashi, qat’iyatli, shijoatli bo‘lishi uchun xizmat qildi.
Estrada yulduzlari bilan birga Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar dillarga orom bag‘ishlab, qalblarni mehr-muhabbatga to‘ldirdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA