“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobining taqdimoti
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining Andijon viloyati kengashida partiyaning X s’ezdida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Xalq deputatlari tuman, shahar, viloyat kengashlari deputatlari, partiya faollari ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy-demokratik jamiyat barpo etish, yurt taraqqiyotini yanada yuqori darajaga ko‘tarish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Partiya viloyat kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidagi 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalarga alohida to‘xtaldi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli rejalar belgilanganligini aytib o‘tdi. Shuningdek, tadbirda Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

– Ushbu kitobda Yangi O‘zbekistonni, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va maqsadi hamda ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi O’zLiDeP viloyat kengashi bo‘lim mudiri Muyassarxon Umurzoqova. – Kitob o‘quvchida yangi O‘zbekistonning zamonaviy, demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani, mamlakatni yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarish uchun belgilab olingan strategik yo‘l to‘g‘risida yaxlit tasavvur uyg‘otadi. Shu bilan birga, har bir fuqaroni yangi, ilg‘or g‘oyalar, ezgu tashabbuslar bilan ishlashga undaydi.

Yig‘ilishda Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidagi 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA