Yangi O‘zbekiston ostonasi – maktabdan boshlanadi
Maktablarda o‘qitish sifatini yanada oshirish, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida respublikadagi oliy ta’lim muassasalari maktablar bilan hamkorlik o‘rnatmoqda.
Bu borada Qashqadaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari mas’ullari ham muayyan ishlarni olib bormoqda.
Qarshi davlat universiteti va G‘uzor tumanidagi 47- umumta’lim maktabi hamkorligida “Ma’rifatli yoshlar – yurt ko‘zgusi” shiori ostida “Yangi O‘zbekiston ostonasi – maktabdan boshlanadi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda G‘uzor tumani xalq ta’limi bo‘limi, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar, bugungi kunda davlat rahbari tomonidan umumta’lim maktablariga qaratilayotgan e’tibor, ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmli yoshlarni tarbiyalashdagi ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritdi.

Ta’kidlandiki, universitet va umumta’lim maktablari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik, maktab o‘qituvchilarining pedagogik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayonda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘qitishning yangi metodlarini joriy etish bo‘yicha doimiy ravishda fikrlashib boriladi.
Tadbir davomida Qarshi davlat universitetining “Ziyo” talabalar teatr studiyasi tomonidan “Nodirabegim” spektakli namoyishi, shuningdek, maktabning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar tadbirga yanada mazmun baxsh etdi.
O‘.BAROTOV, O‘zA