Yangi O‘zbekiston – global investitsiyalar va mintaqaviy taraqqiyotning strategik markazi
Munosabat
Bugungi kunda jahon iqtisodiyoti va global kapital xaritasi keskin o‘zgarishlar pallasini boshdan kechirmoqda. Xalqaro maydonda savdo ziddiyatlari kuchaygan, iqtisodiy noaniqliklar avj olgan bir sharoitda, dunyo iqtisodiy elitasining e’tibori yana bir bor Toshkentga qaratildi. Bu bejiz emas, sababi beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun tarixiy ahamiyatga ega voqelik sanaladi.
Xususan, Toshkent xalqaro investitsiya forumi yildan-yilga o‘z ko‘lami va nufuzini oshirib bormoqda. Buni bu yilgi anjumanda dunyoning 100 ta davlatidan 4 mingga yaqin xorijiy mehmonlar, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, yetakchi xalqaro moliya institutlari rahbarlari hamda yirik transmilliy kompaniyalar vakillari ishtirok etgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Jumladan, tadbirda Albaniya Prezidenti, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat rahbarlarining shaxsan qatnashgani forumning mintaqaviy va global siyosatdagi o‘rni nechog‘lik baland ekanidan dalolat beradi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bunday yuksak darajadagi ishtirok xalqaro miyosda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga bo‘lgan ishonchning yaqqol ifodasidir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiya muhitini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar o‘z mevasini bermoqda. Xususan, yurtimizga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, shundan 123 milliard dollari aynan oxirgi besh yilga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yili yalpi ichki mahsulot (YAIM) 7,7 foizga o‘sdi, iqtisodiyotga bir yilning o‘zida 43 milliard dollar sarmoya kiritildi. Milliy valyuta barqarorligi ta’minlanib, xalqaro zaxiralar hajmi 70 milliard dollardan oshdi.
Yana bir muhim jihat, to‘rt yil avval ilk forumda 2026-yilga borib YAIM hajmini 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan edi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da birdaniga 14 pog‘ona yuqorilab, tarixda ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi. Bu natijalar xorijiy sarmoyadorlar uchun mamlakatimiz xavfsiz va istiqbolli bozorga aylanganini isbotlaydi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiquvchi 6 ta ustuvor yo‘nalishni bayon etdi va ularning har biri mamlakatimiz va mintaqa taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, investorlar huquqlarini xalqaro darajada himoya qilish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilmoqda. Uning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanib, ishtirokchilar uchun foyda, QQS, mol-mulk soliqlari va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Eng muhimi, bu yerda Mustaqil tijorat sudi faoliyat yuritadi. O‘zbekistonning BMTning Singapur konvensiyasiga qo‘shilish niyati esa investorlarning huquqiy himoyasini mutlaq kafolatlaydi.
Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining 30 foizi Toshkent va London fond birjalariga chiqarildi va bu London birjasining oxirgi besh yildagi eng yirik IPOsi bo‘ldi. Kelgusida “sukuk” islom obligatsiyalari dasturi orqali kamida 10 milliard dollar qo‘shimcha kapital jalb etilishi, shuningdek, joriy yilda 6 milliard dollarlik davlat aktivlari va yer uchastkalari xususiylashtirishga chiqarilishi kapital bozorida yangi davrni boshlab beradi.
Ma’lumki, O‘zbekistonning yer osti boyliklari 3 trillion dollar deb baholangan. Endilikda mamlakat xomashyo sotishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish tizimiga o‘tmoqda. Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklari, shuningdek, mashinasozlik, elektrotexnika va farmatsevtika kabi drayver sohalardagi 20 milliard dollarlik loyihalar sanoatni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tashabbuslarida investorlarga “yashil” ma’lumotlar markazlari barpo etish loyihalari taklif etildi. Shuningdek, sun’iy intellekt sohasida kelgusi besh yilda 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratilishi prognoz qilinmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘istonda tashkil etilgan maxsus zonada investorlarning 2040-yilgacha soliqlardan ozod qilinishi va arzonlashtirilgan elektr energiyasi bilan ta’minlanishi raqamli texnologiyalar sohasida ulkan burilish yasaydi.
Bugungi kunda O‘zbekiston dengiz yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, Transafg‘on koridori va “O‘rta koridor” loyihalari ustida faol ish olib bormoqda. Saudiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishi esa mamlakatni Yevroosiyoning muhim transport xabiga aylantiradi.
Qolaversa, 2040-yilgacha mamlakatda urbanizatsiya darajasini 51 foizdan 65 foizga yetkazish, uy-joy qurilishini 2 barobarga oshirish va 2 million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” megapolisini barpo etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha 27 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari tayyorlangan. Turizm sohasida yiliga 15-20 million sayyohni qabul qilish imkoniyati va yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qiluvchi agrobiznes tizimi hududlar rivojiga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati, mazkur forumda ilgari surilgan tashabbuslar faqat O‘zbekiston chegarasi bilan cheklanib qolmaydi. Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansi tashkil etilishi butun mintaqada yagona iqtisodiy va investitsiyaviy makon yaratilishi yo‘lidagi birinchi tarixiy qadamdir.
Bu islohotlarning eng oliy maqsadi oddiy aholi turmush tarzini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishdir. Sarmoyalar oqimi yangi korxonalar, zamonaviy shifoxonalar, maktablar, ravon yo‘llar va barqaror energiya tizimi demakdir. Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi dasturlari millionlab oilalarni zamonaviy shiroitga ega uylar bilan ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning global dunyoga qay darajada ochiq va hamkorlikka tayyor ekanini yana bir bor namoyish etdi. Davlatimiz rahbari iborasi bilan aytganda, “Biz uchun investitsiya bu faqatgina iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari demakdir”. Forum ruhi va unda erishilgan kelishuvlar Yangi O‘zbekistonning kelajagi va xalqimiz farovonligini ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA